Namanganlik harbiy xizmatchi snaryad qoldiqlari portlashi oqibatida halok bo‘ldi

  • 09:18 / 25.09.2021
  • 210

Ijtimoiy tarmoqlarda “Namanganlik 21 yoshli yigit harbiy xizmatda portlab ketganligi” haqida xabarlar tarqaldi. 

Bosh prokuratura matbuot kotibining ma’lum qilishicha, joriy yilning 21-avgust kuni dala o‘kuv maydonida snaryad qoldiqlari  portlashi natijasida sodir bo‘lgan ko‘ngilsiz hodisa oqibatida videomurojaatda murojaat qilgan ota-onalar farzandi  Milliy gvardiya muddatli harbiy xizmatchisi A.Ikboljonov hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari olib vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan 21-avgust kuni Chirchiq harbiy prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 297-moddasi (Atrofdagilar uchun katta xavf manbai bo‘lgan qurol-yarog‘, shuningdek modda va buyumlar bilan muomalada bo‘lish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, prokuror nazorati o‘rnatilgan.