Namanganning 4 ta tumanida kuchli yomg‘ir keltirib chiqargan oqibatlar bartaraf etilmoqda 

  • 07:27 / 21.07.2021
  • 189

Kecha, 20-iyul kuni Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Olabuqa tumani hududlaridan Namangan viloyati Kosonsoy tumani Obod MFY hududlariga kirib kelayotgan chaqmoq-momaqaldiroqli bulutli zona kirib kelgan.

Namangan viloyati hokimligi viloyat aholisiga murojaat bilan chiqib, tumanlardagi FVB Gidrometeorologik jarayonlarga ta’sir ko‘rsatish boshqaruv monitoring stansiyasi tomonidan do‘l yog‘masligi uchun bulut zonasi atrofiga ta’sir ko‘rsatilganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, viloyatning Uychi, Namangan, Kosonsoy, To‘raqo‘rg‘on tumani ayrim hududlarida kuchli jala yog‘inlar yog‘ib o‘tgan.

“Hozirda Namangan shahri, Kosonsoy hamda To‘raqo‘rg‘on tumanlarining ayrim hududlarida FVB kuchlari ish olib bormoqda. 

Qo‘shimcha ravishda favqulodda vaziyatlarda davlat quyi tizimlari, xususan viloyat hokimi va sektor rahbarlari voqea joyiga chiqib, zarur choralar ko‘rilganini ma’lum qilamiz”, – deyiladi hokimlik murojaatida.

Kuchli yomg‘ir oqibatlarini bartaraf etish uchun qo‘shni tumanlardan suv tortish va boshqa qo‘shimcha texnikalar safarbar etilgan. 

Ushbu tabiiy hodisadan jabrlangan, tan jarohati olganlar yo‘q.