“Nasaf”ning raqibi – “Mohun Bagan” haqida

  • 18:21 / 22.09.2021
  • 104

Qarshining “Nasaf” klubi bugun OFK kubogida muhim uchrashuvda maydonga tushadi. Quyida eʼtiboringizda Hindiston klubi borasida ayrim maʼlumotlarni taqdim qilmoqchimiz.

“Mohun Bagan” – Hindistonning Gʻarbiy Bengaliya shtatida joylashgan Kalkutta shahri sharafini himoya qiladi. Mazkur klub 1889-yilda tashkil topgan boʻlib, Osiyoning eng qadimiy futbol klublaridan biri hisoblanadi. Jamoa koʻplab sovrinlarni qoʻlga kiritgan. Jumladan, Hindiston Federatsiya kubogida 14 marotaba gʻalaba qozongan.

Transfermarkt portalida “Mohun Bagan” klubining umumiy tarkibini 4,85 million yevroga baholamoqda. Eng qimmat futbolchisi esa fransiyalik Ugo Bumus boʻlib, uning transfer qiymati 575 ming yevroni tashkil qilmoqda.

Hozirda jamoada 4 nafar legioner futbolchi toʻp tepmoqda, jumladan, fijilik Roy Krishna, avstraliyalik Devid Uilyams, irlandiyalik Karl Makhyu hamda fransiyalik Ugo Bumuslar “Mohun Bagan” sharafini himoya qilmoqda. .

Fiji milliy terma jamoasi aʼzosi Roy Krishna esa bugungi kunda “Mohun Bagan” sardori vazifasini bajaradi.

Klubni esa ispaniyalik Antonio Lopez Habas boshqarmoqda. Bu mutaxassis 2019-yildan buyon ushbu klubda bosh murabbiy sifatida faoliyat koʻrsatadi.