Navoiyda 20 ming dollar evaziga 1 gektar yer olib berishni va’da qilgan fuqaro ushlandi

  • 17:52 / 11.06.2021
  • 45

Prokuratura Departamenti Matbuot xizmati Navoiy viloyatining ikkita hududida yer sotish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlangani hahqiida xabar bermoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Navoiy viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Navoiy shahrida yashovchi fuqaro Sh.E. boshqa bir fuqaro J.ning ishonchiga kirib, unga 20 000 AQSh dollari evaziga tanishlari orqali Konimex tumani hududida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun 1 gektar yer maydoni olib berishni va’da qilib, oldindan 1 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shunday holat, Navbahor tumanidagi “Sh.S.” fermer xo‘jaligi rahbari M.Sh. fuqaro B.ga xo‘jalikka tegishli bo‘lgan 6 gektar yer maydonini 90 mln so‘m evaziga tanishlari orqali uning nomiga o‘tkazib berishni aytgan va undan 50 mln so‘mni olayotgan vaqtida Departament hamda DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.