Navoiyda lizingga avtomobil olib berishni va’da qilib 14 kishini aldab yurgan fuqaro qo‘lga olindi 

  • 17:11 / 17.04.2021
  • 104

Navoiy shahrida lizing shartnomasi asosida avtomashinalarni olib berishni va’da qilgan MChJ rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Navoiy shahar bo‘limi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “A.F.” MChJ mansabdor shaxslari fuqarolarga lizing shartnomasi asosida avtotransport vositalarini olib berishni va’da qilib ularning pul mablag‘larini o‘zlashtirib kelganlar.

Mazkur shaxslar 2020-yilning yanvar-may oylarida 14 nafar fuqarodan boshlang‘ich to‘lov sifatida  111,1 mln so‘mni qabul qilib, bugungi kunga qadar avtotransport vositalarini yetkazib bermasdan yoki ularning talablariga asosan to‘lagan pullarini qaytarib bermasdan kelgan.

Mazkur holat yuzasidan MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.