Nazarboyevga yana bitta haykal oʻrnatish taklif qilindi. Siyosatchi taklifni rad etdi

  • 08:11 / 28.05.2021
  • 257

Qozogʻistonning sobiq prezidenti respublikada unga atab yana bitta haykal oʻrnatish taklifini rad edi. Bu haqida uning matbuot kotibi Aydos Ukibay maʼlum qilgan.

Mamlakatning janubiy hududida joylashgan Turkistonga navbatdagi haykalni oʻrnatish taklifi Xalqaro turkiylar madaniyati tashkilotining bosh kotibi oʻrinbosari Bilol Chaqiji tomonidan oʻrtaga tashlangan. U Qozogʻistonning sobiq prezidenti “Shaharning qayta tugʻilishidagi tashabbuschi” boʻlganini taʼkidlagan.

“Elbasi (Millat yetakchisi) bu gʻoyani ham shu kunga qadar bildirilgan mana shu mazmundagi boshqa gʻoyalar kabi qoʻllab-quvvatlamadi. Unga haykal oʻrnatish, arxitektura obyektlarini nomlash kabi bunday “sovgʻalar” yoqmaydi, ayniqsa bu “sovgʻalar”ni hududlardagi amaldorlar tashkil qilayotgan boʻlsa”, dedi Nazarboyevning matbuot kotibi.

Aydos Ukibayning aytishicha, Nazarboyev unga bunday eʼtibor kerak emasligini shu kungacha juda koʻp marta takrorlagan. “U loyihalarga oʻz ismini berishga rozi boʻlgan tarixdagi yagona hodisa – universitet va intellektual maktab bilan bogʻliq edi”, dedi Ukibay.