Elektr energiyasi ta’minotida kuzatilayotgan uzilishlar yuzasidan rasmiy tushuntirish berildi

  • 09:53 / 05.06.2021
  • 214

Energetika vazirligi elektr energiyasi ta’minotidagi qisqa muddatli uzilishlar yuzasidan tushuntirish berdi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 1-iyundan 3-iyunga qadar O‘zbekistonning ayrim hududlarida qattiq shamol esishi natijasida daraxt shoxlarining sinishi va ayrim ko‘p qavatli binolar tom qismining ko‘chishi elektr uzatish tarmoqlarining shikastlanishiga olib kelgan.

Bundan tashqari, shu kunlarda havo haroratining isib ketishi natijasida ayrim joylardagi transformator punktlarida iste’mol yuklamasi ortishi kuzatilib, bu nosozliklar kelib chiqishiga olib kelgan. Qayd etilishicha, hozirda hududlar bo‘ylab joylardagi hududiy elektr ta’minoti korxonalari mutaxassislari tomonidan avariyaga qarshi brigadalar tashkil etilgan bo‘lib, yuzaga kelgan nosozliklarni zudlik bilan bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, ayni kunlarda 2021–2022-yillar kuz–qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida issiqlik elektr stansiyalari, elektr uzatish tarmoqlari va gaz ta’minoti tizimida modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Ushbu ishlarni xavfsiz bajarish maqsadida reja-grafik asosida elektr va gaz ta’minotini tarmoqdan ajratgan holda amalga oshirilmoqda.

Energetika vazirligi, fuqarolarning elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘lik masalalar bo‘yicha 1154 hamda gaz ta’minoti masalalari bo‘yicha 1104 qisqa raqamlariga murojaat qilishini ma’lum qildi.