Netanyaxuning 12 yillik faoliyatiga chek qo‘yildi. Isroil hukumati tepasiga yangi bosh vazir keldi

  • 13:25 / 14.06.2021
  • 136

Isroilning bir palatali parlamenti bo‘lgan Knesset a’zolari mamlakatning yangi koalitsion hukumatiga ishonch bildirdi. Uning tarkibiga amaldagi bosh vazir Benyamin Netanyaxuning partiyasi kiritilmadi, deya xabar berdi Times of Israel nashri.

Xabar qilinishicha, yangi koalitsiya hukumati 120 nafar parlament a’zolarining 60 nafari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, 59 deputat qarshi ovoz berdi va bir kishi betaraf qoldi. Natijada hukumatning yangi tarkibi tasdiqlanadi va Naftali Bennet bosh vazir lavozimini egallaydi.

Ta’kidlanishicha, Knesset 12 yildan ortiq Isroil hukumatini boshqargan Netanyaxuning boshqaruviga chek qo‘ygan. Hukumatni topshirish marosimi bugun 14-iyun kuni bo‘lib o‘tadi.

Knessetdagi eng yirik Netanyaxuning “Likud” partiyasi vakillari hukumatga qo‘shilmagan, ular muxolifatga tomonga o‘tishmoqda.