Niderlandiyadagi odam tanasi muzeyiga sayohat

  • 09:28 / 06.08.2021
  • 309

Niderlandiyadagi “Korpus” nomli odam tanasi muzeyi ichki aʼzolarning qanday ishlashini noodatiy usulda koʻrsatib beradi. Leyden shahridagi “Korpus” muzeyiga har yili minglab sayyohlar tashrif buyurishadi. Muzeyning qiziqarli tomoni shundaki, eshikdan kirgan odam oʻzini tana aʼzolarining ichki tarafida koʻradi. Muzeyga maktab oʻquvchilari tez-tez kelib turishadi.

Muzey gʻoyasi gollandiyalik tadbirkor Xendi Remmersga tegishli boʻlgan. U loyihani ishlab chiqish uchun 12 yil vaqt sarflagan. Muzeyni qurish uchun 30 million dollar pul va bir yarim yil vaqt kerak boʻlgan. Binodagi bezaklar poʻlatdan yasalgan, dekoratsiyalarning zanglab ketmasligi uchun shu yechimga kelingan.

Odam tanasi muzeyi mehmonlarni ichki aʼzolar va tizimlarning tuzilishi bilan tanishtirishdan tashqari ularga zararli odatlarning qanday oqibatlarga olib kelishini koʻrsatib berish maqsadida qurilgan. Muzey egasi bu yerga kelgan odamlar oʻz hayotlari, odatlari, turmush tarzi haqida oʻylab koʻrishiga umid qilgan.

Muzeyning tashqari tomoniga odam tanasi shakli oʻrnatilgan. U shisha binodan chiqib kelayotganday koʻrinadi. Muzeyga kirishingiz bilan temir konstruksiyaning tizza boʻgʻimi qismida paydo boʻlib qolasiz. Ichkariga kirish uchun katta ekskalatordan tepaga koʻtarilish kerak boʻladi. Leyden shahri Amsterdam yaqinida joylashgan. Bu yerga yetib kelish sayyohlarga qiyinchilik tugʻdirmaydi.

Muzeyning ichki qismi

Mehmonlar birinchi navbatda qon hujayralari boʻlgani leykosit va eritrositlar bilan tanishib olishadi. Ular yetti qavatli binoning har bir qavatida qiziqarli eksponatlar bilan tanishishadi.

Har bitta tana aʼzosining ishlashi ekranlarda koʻrsatib beriladi. Videoni 5D formatida ham koʻrsa boʻladi. Buning uchun mehmonlarga koʻzoynaklar tarqatiladi.

Bolalar yaxshi koʻradigan boʻlimlardan biri – ogʻiz boʻshligʻi qismi hisoblanadi. Ular til ustiga chiqib, sakrashni yaxshi koʻrishadi.

Muzeyda ichaklar, oʻpkalar, yurak ishi oʻta haqqoniy koʻrinishda namoyish qilib berilgan. Bu yerga bolalar bilan birga kattalar ham kelsa boʻladi. Muzeyda chekish, ichish, zararli ovqatlar organizmga qanday taʼsir qilishi koʻrsatib beriladi.

Ekskursiya bosh miya boʻlimida tugaydi. Mehmonlar bosh miyadagi neyronlar va notekis izlarga qoʻllari bilan teginib koʻrishlari mumkin.

Bino yonida kafe va doʻkonlar joylashgan. Muzeyni tomosha qilishga kelgan bolalar bu yerda ovqatlanib, har-xil buyumlar sotib olishadi.