Nima uchun Urugvaydagi Garson koʻprigi aylana shaklda qurilgan?

  • 20:21 / 16.08.2021
  • 609

Zamonaviy koʻpriklar suv havzalarining ikkita qirgʻogʻini bir-biriga bogʻlaydigan muhandislik inshootidan dizaynerlik sanʼati namunalariga aylandi. 2015 yilda Urugvayda barpo qilingan Garson koʻprigi – mana shunday inshootlardan biri hisoblanadi. Kichik koʻrfaz ustiga qurilgan koʻprikning aylana shaklda ekanligi koʻpchilik odamlarga gʻalati tuyulgan, sababi uni qurish uchun katta sarmoya talab qilinardi. Bundan tashqari, murakkab tuzilishdagi koʻpriklar avtomobil gavjum boʻlgan joylarda deyarli qurilmaydi.

Urugvay goʻzal tabiati va koʻm-koʻk koʻrfazlari bilan juda mashhur. Ana shunday koʻrfazlarning biri ustiga Rocha va Maldonado maʼmuriy markazlarini bogʻlaydigan koʻprik qurilgan. Garson koʻrfazi oʻta katta va chuqur emas, shunga qaramasdan uning bir tomonidan ikkinchi tomoniga oʻtib olish avtomobil haydovchilari uchun katta qiyinchilik tugʻdirgan. Bundan koʻp yillar oldin u orqali paromda oʻtish tizimi tashkil qilingan, lekin bu narsa vaziyatni yaxshilashga yordam bermagan. Parom bir martada atigi 2 ta avtomobilni koʻrfazdan olib oʻtgan.

Shu sababli, hukumat yoʻlovchilar oqimini kattalashtirib, qirgʻoq hududida yashaydigan odamlar va sayyohlar hayotini yengillashtirishga yordam beradigan koʻprik qurish haqida oʻylay boshladi. Loyihalashtirish va qurilish ishlari mamlakat hukumati nazoratida boʻlgan, ular koʻp yillar davomida ushbu koʻprikni qurish boʻyicha kelisha olmay kelardilar.

Eng yaxshi, mantiqiy va arzon variant – koʻprikni tekis koʻrinishda qurish boʻlgan, bu qurilish ishlarini tezlashtirib, obyekt narxini kamaytirib bergan boʻlardi. Ammo, hokimiyatning ilgʻor vakillari boshqacha yoʻl tutishga qaror qilishdi. Ular bunday chiroyli va goʻzal joydagi koʻprik aylana shaklida boʻlishi kerak degan fikrga kelishdi, u yoʻnalish boʻylab harakat tezligini ham cheklashga yordam berardi. Bu oʻz navbatida haydovchi va yoʻlovchilarga tabiat manzarasidan bahra olish va sayohatdan zavqlanishga imkon yaratgan.

Shu bilan birga halqa koʻrinishidagi yoʻl harakati bir tomonlamali boʻlgan, atrofni tomosha qilish imkoniyati oshgan. Koʻprik ustida piyodalar uchun moʻljallangan yoʻlaklar tashkil qilingan, natijada koʻrfaz sayr qilish uchun qulay maskanga aylangan. Koʻprikdan oʻtayotgan mashinalarning harakatlanish tezligi soatiga 30 kilometrdan oshib ketmasligi bu yerda xavfsizlikni toʻliq taʼminlab bergan.

Qiziqarli fakt: Halqa shaklidagi “Laguna Garzon Bridge” koʻprigi loyihasini amalga oshirish Nyu-York shahrida yashovchi urugvaylik arxitektor Rafael Vinoliga topshirilgan. U koʻprikni oʻziga xos usulda qurgan, atrofdagi manzara turli toʻsiqlar, tirgaklar, ustunlar, minoralar bilan toʻsib qoʻyilmagan. Koʻprik markazidagi aylana diametri 103 metrni tashkil qiladi. Bitta qirgʻoqdan narigisiga oʻtib olish uchun 323 metr yoʻlni bosib oʻtish kerak.

Loyiha juda uzoq vaqt davomida muhokama qilingan, uni tasdiqlash uchun ham koʻp vaqt ketgan. Shunga qaramasdan, koʻprik 1 yil ichida qurib boʻlindi. Qirgʻoqlar oʻrtasida tinmay harakatlangan parom ekologlarning gʻazabini keltirdi, ular sohil atrofidagi suvlar ifloslanishi, koʻprik qurilishi ekotizimga qayta tiklanmaydigan zarar yetkazishini aytib ogohlantirishdi. Ekologlar piketlar uyushtirishdi, sababi koʻrfaz qushlar va yovvoyi tabiat sharoitida yashaydigan juda koʻp jonivorlarning uyi boʻlgan.

Meʼmor barcha xavf-xatarni hisobga olib, tabiatga yetkaziladigan zarar miqdorini kamaytirishga harakat qildi, mana shu narsa tabiat himoyachilariga taskin berdi. Biroq, endi ular koʻprik ustidan tinmay oʻtib turgan minglar avtomobillarning zaharli gazi hudud tabiatiga qanchalik zarar yetkazishi haqida oʻylab koʻrishlari kerak. Ammo, shuni ham tan olish lozimki, bu kabi obyektlar turizm sohasini rivojlantirish uchun juda zarur.

Koʻprikni qurish uchun 450 tonna poʻlat, 40 kilometr kabel simi va zanjirlar, 3500 kub metr beton kerak boʻlgan. Koʻprikka mana shuncha material sarflangan boʻlsa ham u juda yengil, xuddi suv ustida turgandek koʻrinadi.

Hukumat vakillari loyihani amalga oshirish uchun 12 million dollar pul sarf etilganini maʼlum qilishgan. Agar koʻprik toʻgʻri shaklda boʻlganida uni 5 million dollar evaziga bitirish mumkin boʻlardi. Lekin, koʻprikni qurish uchun sarf etilgan pullar davlat gʻaznasidan olinmagan. Loyihaga taniqli tadbirkor Eduardo Kostantini homiylik qilgan.