Nukusda o‘zbekistonlik eng yaxshi baxshilar taqdirlandi 

  • 16:00 / 15.09.2021
  • 80

Nukus shahrida 13-14 sentyabr kunlari II Xalqaro baxshichilik san’ati festivali doirasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovning mamlakat bosqichi yakuniga yetdi.

Xabar qilinishicha, mazkur tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan 80 nafarga yaqin baxshi va jirovlar ishtirok etgan.

Ikki kun davomida baxshi va jirovlar tomonidan termalar, kuy-qo‘shiq va dostonlar ijro etilib, hay’at a’zolari tomonidan baholab borildi.

Tanlov yakunlari bo‘yicha g‘oliblarni taqdirlash marosimi Nukus shahridagi Yosh tomashabinlar teatrida o‘tkazildi.

Tanlov yakunida oliy o‘rin – Gran-pri Qashqadaryo viloyatidan Bahrom Rahimovga, birinchi o‘rinlar to‘rtta maktab yo‘nalishi bo‘yicha Surxondaryo viloyatidan Baxshiqul Tog‘ayev, Xorazm viloyatidan Feruz Normatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Janibek Piyazov va Gulbahor Aqimbetovaga nasib etdi.

Qashqadaryo viloyatidan Mahmatmurod Rajabov, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Adilbek Baxtibayev, Toshkent viloyatidan Talg‘at O‘rinbayev, Xorazm viloyatidan Karimbay Otamurodov ikkinchi, Surxondaryo viloyatidan Ravshan Mahmatmurodov va Muhammad Eshboyev, Jizzax viloyatidan Ozod Temur, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Quvanish Seytimbetovlar uchinchi o‘rinni egalladi.

Shuningdek, “Eng yosh baxshi”, “Eng namunali jamoa”, “Eng iqtidorli ayol baxshi”, “Eng yaxshi termalar ijrochisi” kabi 13 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

Folib va sovrindorlarga maxsus diplom va pul mukofotlari tantanali tarzda topshirildi.