“Nyukasl” dunyoning eng boy klubiga aylandi, lekin asosiy maqsad APLdan tushib ketmaslik

  • 14:51 / 12.10.2021
  • 106

Angliyaning “Nyukasl” klubi 7-oktyabrdan boshlab Saudiya Arabistoni investorlari qo‘liga o‘tagandan keyin, jamoani kuchaytirish borasida fikrlar va tahminlar ko‘paygan. Hozirda jahonning eng ko‘zga ko‘ringan yulduzlarini aynan shu klubga “unashtirib” qo‘yishmoqda.

Lekin vaziyatga real qaralsa, jamoa oldida turgan eng birinchi masala – APLdan tushib ketmaslik. “Nyukasl” Angliya chempionatida 20 jamoa orasida 19-o‘rinni egallab turibdi va quyi divizionga tushib ketadigan asosiy nomzodlardan biri hisoblanadi.

Hozir transfer oynasi yopiqligi, shu sababli yangi o‘yinchilarni ro‘yhatdan o‘tkazib bo‘lmasligi sabab, eng avvalo bosh murabbiy almashtirilishi haqiqatga yaqinroq. "Daily Mail" xabariga ko‘ra, Stiv Bryusning ishdan ketishi aniq bo‘lib ulgurgan. Ammo klubdagilar uning o‘rniga nomzod topa olganicha yo‘q. Hozircha "Nyukasl" bosh murabbiyligi uchun Lyusyen Favr varianti asosiy nomzod bo‘lib turibdi. Shveysariyalik mutaxassis Dortmundning "Borussiya"sidagi faoliyati bilan barchaga tanish. Favr o‘tgan yozda "Kristal Pelas"ning taklifiga rad javobini bergandi.

O‘yinchilar borasida takliflar esa turli va hilma-hil. “Manchester Yunayted”ning sobiq a’zosi Rio Ferdinand “Nyukasl” ho‘jayinlariga o‘yinchi tanlashda o‘ta iqtidorli, biroq raqobat tufayli o‘z jamoalarida har doim ham asosiy tarkibga kira olmayotgan futbolchilarga e’tibor qaratish lozimligini maslahat berdi va ulardan bir nechtasini sanadi: Raxim Sterling (“Manchester Siti”), Deklan Rays (“Vest Hem Yunayted”), Jessi Lingard (“Manchester Yunayted”).

Klub o‘yinchi tanlashda aynan shu yo‘lni tanlagan va  "Manchester Yunayted"ning boshqa a’zosini nishonga olgan. APL autsayderi "Manchester Yunayted"ning fransiyalik forvardi Antoni Marsyal bilan shartnoma imzolash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. 25 yoshli futbolchining transfer narxi 35 mln yevroni tashkil etadi, uning "qizil iblislar" bilan shartnomasi 2024 yilning o‘rtalariga qadar mo‘ljallangan. Marsyal joriy mavsum APL doirasidagi 5ta o‘yinda maydonga tushib, 1ta gol urishga erishdi.

Shuningdek, Madridning "Real" vingeri Garet Beyl va "Yuventus" yarim himoyachisi Aaron Remzi ham "Nyukasl" qiziqishlari doirasiga tushib qoldi.
Klub ikki o‘yinchi bilan yanvarda shartnoma imzolash variantini ko‘rib chiqmoqda.
"Yuventus" Remziga ishonch bildirmayapti va uni sotishga tayyor.
Beyl esa yanvarda boshqa klublar bilan muzokaralar olib borishi mumkin, sababi uning "Real" bilan shartnomasi mavsum so‘nggida yakuniga yetadi.

Eslatib o‘tamiz, Yevropada transfer oynasi endi yanvarda ochiladi va ungacha arab millionerlari ro‘yhatidan yuzlab futbolchilar o‘rin olsa kerak.