O‘FA “Surxon” futbol klubidagi zo‘ravonlikni keskin qoraladi

  • 08:28 / 22.09.2021
  • 116

Ijtimoiy tarmoqlarda “Surxon” futbol klubining maʼmuriy boshqaruv ofisiga futbol klubining sobiq futbolchilari Javohir Esonqulov va Akrom Xodjayev tashrif buyurgani, klub ofisida klubning ayrim xodimlari va mazkur futbolchilar oʻrtasida vujudga kelgan nizoli vaziyat bilan bogʻliq maʼlumotlar tarqaldi.

Ushbu vaziyat boʻyicha bugun Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati va masʼul mutaxassislari ishtirokida maxsus yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi bu kabi salbiy holatlarni keskin qoralaydi. Mazkur shaxslarning masʼuliyatsizligi va etika normalariga rioya qilmasligi oʻzbek futboli imidjiga putur yetkazmoqda. 

Ayni vaqtda ushbu holat tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, holat yuzasidan sud tibbiy ekspertizasi ham tayinlangan.   

Mazkur holatga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aniqlik kiritilguniga qadar OʻFA tomonidan “Surxon” futbol klubi bosh direktori Azamat Abduraxmonov, sport direktori Abdumajid Toirov, futbolchilar Asror Gʻofurov, Javohir Esonqulov va Akrom Xodjayev futbol bilan bogʻliq har qanday faoliyatdan chetlashtirildi.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi barcha futbol klublari rahbariyatiga oʻz jamoalarida qatʼiy intizomni saqlashni va har qanday vaziyatda ham etika normalariga rioya qilishni tavsiya etadi.