Oilaviy bogʻchalarda tarbiyalanuvchilar qamrovi ikki barobarga oshiriladi – Prezident qarori

  • 18:00 / 09.06.2021
  • 132

Prezident Respublikaning chekka hududlaridagi maktabgacha taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirishga oid qarorni imzoladi.

Unga koʻra, oilaviy bogʻchalar endilikda 25 tadan emas, 50 tadan tarbiyalanuvchini qabul qilishi, 4 nafargacha xodimni ishga yollashi mumkin. Maktabgacha taʼlimning hududiy boʻlinmalari oilaviy bogʻchalarni oʻquv qoʻllanmalari va didaktik materiallar bilan taʼminlaydi.

Shuningdek, oʻz faoliyatini kengaytirishni istagan oilaviy bogʻchalar 2022-yilning yanvar oyiga qadar 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yillik muddatgacha 5 foizlik bank kreditlarini olishlari mumkin boʻladi.

Farmonda Respublikaning chekka hududlaridagi 928 ta oilaviy bogʻchalar sonini kelgusida 2000 taga yetkazish, tarbiyalanuvchilar uchun qoʻshimcha 50 mingta yangi oʻrinni tashkil qilish nazarda tutilgan. Shuningdek, oilaviy bogʻchalarga jihozlar va uskunalar xarid qilish uchun 30 million soʻmgacha subsidiyalar ajratiladi.

Maʼlumot uchun, ayni vaqtda Oʻzbekiston hududida 10 244 ta oilaviy bogʻcha faoliyat olib boradi.