Olimlar qahva isteʼmoli va yurak kasalliklari oʻrtasida bogʻliqlik borligini rad etishdi

  • 09:31 / 22.07.2021
  • 57

Amerikaliklar olimlar qahva isteʼmol qilish va yurak ritmidagi buzilishlar oʻrtasida bogʻliqlik bor yoki yoʻq ekanligini aniqlash uchun oʻtkazilgan tarixdagi eng katta tadqiqotning yakunlanganini maʼlum qildilar. Tadqiqot natijalari qahvani doimiy ravishda va kam miqdorda isteʼmol qiluvchi odamlarda aritmiyaning paydo boʻlishi xavfi oʻrtacha koʻrsatkichdan ham pastroq ekanligini koʻrsatgan. Tadqiqot natijalari batafsil yoritilgan maqola “JAMA Internal Medicine” jurnalida chop qilindi.


Olimlarning aytishlaricha, qahva yalligʻlanishga qarshi ajoyib vosita boʻlib, ayrim jiddiy va xavfli kasalliklar, jumladan saraton, diabet va Parkinson xastaligining rivojlanishiga toʻsqinlik qiladi. Bir guruh mutaxassislar esa qahva isteʼmolida meʼyorga amal qilish juda muhim ekani, kofeinni haddan tashqari koʻp miqdorda qabul qilish yurakka salbiy taʼsir koʻrsatishi va aritmiyaga sabab boʻlishini taʼkidlagan edilar.


Kaliforniya universiteti tadqiqotchilari ushbu taxminni tekshirib koʻrishga qaror qilishgan. Tadqiqotda 400 000 nafar qahvaxoʻrlar ishtirok etganlar. Ishtirokchilarning oʻrtacha yoshi 56 ga teng boʻlgan, olimlar ularning salomatligi va umumiy holatini 4 yil mobaynida kuzatishgan.


“Qahva – aksariyat insonlar uchun kofeinning asosiy manbai hisoblanadi va koʻpchilik uni aritmiyaga sabab boʻluvchi vosita deb biladi. Biroq, kofein isteʼmoli aritmiya xavfini oshirishini isbotlaydigan hech qanday dalil topilmadi”, dedi tadqiqot rahbari, professor-kardiolog Gregori Markus.