Olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston bayroqdori bo‘ladigan sportchilar ma’lum bo‘ldi

  • 15:35 / 17.07.2021
  • 148

O‘zbekiston Milliy Olimpiya Qumitasi Olimpiya o‘yinlari tantanali ochilish marosimining mamlakatlar paradi uchun O‘zbekiston delegatsiyasida bayroqdor bo‘ladigan sportchilarni ma’lum qildi

Unga ko‘ra, marosimda gimnastikachi Oksana Chusovitina va bokschi Bobo-Usmon Baturov O‘zbekiston delegatsiyasining bayroqdorlari bo‘lishadi. 

Qayd etilishicha, Oksana Chusovitina yozgi Olimpiya o‘yinlarida bayroqdor bo‘lgan dastlabki ayol atlet sifatida tarixdan joy oladi.

Oksana Chusovitina Barselona-1992 Olimpiya o‘yinlari chempioni, uch karra jahon chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi, qatorasiga yettita yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan dunyodagi yagona ayol gimnastikachi sifatida Ginnesning rekordlari kitobiga kiritilgan. 

Unga esa boks bo‘yicha Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi, jahon chempionati sovrindori, Bobo-Usmon Baturov hamrohlik qiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, ochilish marosimining ssenariysiga ko‘ra, barcha davlatlardan 1 nafardan erkak va ayol sportchilar bayroqdor bo‘lib chiqishadi. Bu Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan targ‘ib qilinayotgan gender tenglik siyosatining amalda tatbiq etilishidir. 

Eslatib o‘tish joiz, XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi 23-iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:00 da Tokiodagi “Olimpiya” stadionida boshlanadi.