Olimpiada yakunlanishiga 3 kun qoldi...

  • 09:09 / 06.08.2021
  • 192

Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining navbatdagi kun dasturlari boshlandi. Vakillarimiz orasida kanoechi qizlarimiz birinchi bo‘lib bahslarga kirishishdi. 500 metr masofaga kelgan saralash bahslarida qizlarimiz 2:04.854 soniya bilan o‘z guruhlarida to‘rtinchi natijani qayd etishdi va chorak finaldan medallar uchun kurashni davom ettiradigan bo‘lishdi.


Erkin kurashchimiz Bekzod Abdurahmonov (-74 kg) Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining bronza medali uchun kurashish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Polvonimiz o‘tish bosqichini muvaffaqiyatli tugatdi. Gvineya-Bissau vakili Augusto Midanaga qarshi bellashuv hamyurtimizning to‘liq ustunligida o‘tdi va Abdurahmonov katta qiyinchiliksiz g‘alaba qozondi. Endi u kechki dasturda bronza medali uchun qozog‘istonlik Daniyar Kaysanovga qarshi gilamga chiqadi.


Olimpiya o‘yinlarining badiiy gimnastika musobaqasida bugun Sabina Toshkenboyeva o‘z ishtirokini boshlash kerak edi. Afsuski, koronovirus balosi Tokioda Sabinaga ham yetib bordi va u karantinga olindi. Uning o‘rniga safga qo‘shilgan Yekaterina Fetisova qattiq hayajonlandi va dastlabki chiqishida xatolikka yo‘l qo‘ydi. U to‘p bilan mashq bajardi va 19,400 ball to‘pladi. Juda past natija. Mashq davomida u to‘pni tushirib ham yubordi. Fetisovani oldinda yana uchta yo‘nalishda chiqishlar kutib turibdi.
Kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Olimpiya o‘yinlarida ilk bor ishtirok etayotgan qizlarimiz Dilnoza Rahmatova hamda Nilufar Zokirova Tokio-2020 Olimpiadasining yarim finaliga yo‘l olishdi. Juftlik dasturida 500 metr masofaga o‘tkazilayotgan musobaqada vakillarimiz chorak finalni muvaffaqiyatli o‘tkazishdi. Ikkinchi guruhda startga chiqqan qizlarimiz 2:04.450 daqiqa vaqt bilan ikkinchi bo‘lib marraga yetib kelishdi va yarim finalga yo‘l oldilar. Endi ular ertaga yarim final bosqichida final yo‘llanmasi uchun startga chiqishadi.


Erkin kurash bo‘yicha Rio-2016 Olimpiya o‘yinlari sovrindori Magomed Ibragimov (-97 kg) Tokio-2020ning birinchi bellashuvida turkiyalik kurashchiga qarshi gilamga chiqdi. Sulaymon Karadenizga qarshi kechgan kurashda Ibragimov hisobda oldinda borayotgan edi. Biroq Karadeniz hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi va so‘nggi ochkoni olgandagi ustunligi evaziga keyingi davraga yo‘l olmoqda. Endi turkiyalik kurashchi finalga borgan taqdirda Ibragimov bronza medali uchun kurashni davom ettiradi.