Olimpiya zaxiralari sport platformasi ishga tushiriladi

  • 16:17 / 13.08.2021
  • 161

Davlat rahbari sport sohasini raqamlashtirish va infratuzilmasini yaxshilash borasidagi vazifalarni belgilab berdi.

Bugun, 13-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston milliy terma jamoasi tarkibida Tokio shahridagi yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuv boʻlib oʻtmoqda.

Unda davlat rahbari hududlarda iqtidorli sportchi yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda Oʻzbekiston chempionatlarini tashkil etish ishlarini toʻliq raqamlashtirish zarur ekanligini aytib, bu oʻz navbatida, olimpiya sport turlari boʻyicha terma jamoalarga sportchilarni jalb qilish tizimini adolatli tashkil etishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Davlat rahbari Sodiqov, Abduhakimovga yil yakuniga qadar Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Olimpiya zaxiralari sport platformasini ishga tushirish boʻyicha koʻrsatma berdi.

Shuningdek, tantanali tadbirda Olimpiya va Paralimpiya zaxiralarini tayyorlash uchun munosib sharoitlar yaratish va 2024-yilgacha sport infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha davlat dasturi amalga oshirilishi taʼkidlanib, sport muassasalaridagi eskirgan jihozlarning qariyb 50 foizi yangilanishi aytib oʻtildi.