Oliy ta’lim muassasalariga hujjatlarni onlayn qabul qilish 20-iyundan boshlanadi

  • 19:31 / 16.06.2021
  • 293

Ikki hafta muddatda qo‘shimcha davlat granti asosida (imtiyozli) qabul parametrlari tasdiqlanadi.
Bu haqda ayni damda Prezident raisligida bo‘lib o‘tayotgan oliy ta’lim tizimidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi.

Qayd etilishicha, bu yil 1,5 milliondan ziyod yoshlar oliygohlarga kirish uchun hujjat topshirishi kutilmoqda.

Bu yil ilk marotaba 9 ta nodavlat oliygohlarda 22 ta yo‘nalishda talabalarni o‘qitish uchun 500 ta davlat granti ajratiladi.
Shuningdek, yig‘ilishda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi vakolatlari kengayishi haqida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, davlat oliygohlarida o‘qitiladigan ta’lim yo‘nalishlari, mutaxssisliklar, kasblar ro‘yxatini bundan keyin Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasdiqlaydi.

Bundan tashqari, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini tayyorlash tartibini, ulardan OTMda foydalanishga qo‘yiladigan talablarni ham vazirlikning o‘zi belgilaydi.

Qolaversa, Prezident bu yil  oliygohlarga qabul soni o‘tgan yilga nisbatan 13 foizga oshirilib, 181 ming nafarga yetkazilishini ma’lum qildi.