Olma-ota xalqaro aeroporti 415 million dollarga sotildi

  • 17:42 / 10.05.2020
  • 1034

Turkiyaning TAV Airports Holding kompaniyasi Olma-ota xalqaro aeroportining 100 foiz aksiyalarini sotib oldi. Bitim qiymati 415 million dollarni tashkil etdi, deb xabar beradi xolding matbuot markazi joriy yil 8-may sanasidagi xabarida.

Xabar qilinishicha, TAV Airports’ning konsorsiumdagi ulushi kamida 75 foizni tashkil etadi va aksiyalarni topshirish barcha qonuniy jarayonlar tugagandan so‘ng amalga oshiriladi.

Olma-ota aeroporti TAV Airports Holding portfelidagi 15-aeroportdir.

“Qozog‘iston jug‘rofiy va iqtisodiy jihatdan mintaqadagi eng yirik davlatdir. Olma-ota mamlakatning eng katta shahri bo‘lib, mamlakat yalpi ichki mahsulotining 20 foizini tashkil qiladi. Bundan tashqari, u Xitoy, Yevropa va Afrikani bog‘laydigan “zamonaviy Ipak yo‘li” markazi hamdir. U yaxshi salohiyatga ega va biz uning imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish uchun bor salohiyatimizni safarbar etamiz", dedi xolding prezidenti va bosh direktori Sani Shener.

Eslatib o‘tamiz, mazkur kelishuv o‘tgan yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan edi. O‘sha paytda Sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vaziri “... biz yo‘lovchilarga qulaylik yaratish uchun yo‘lovchilar terminalini modernizatsiya va qayta qurishimiz kerak, chunki Olma-ota aeroporti orqali yo‘lovchilar soni yil sayin ortib bormoqda. Bundan tashqari, yaqinda vazirlikning bepul ochiq osmonga chiqish to‘g‘risidagi buyrug‘i qabul qilindi, bu esa yo‘nalishlarni yanada ko‘paytiradi”, degan edi.

Keyinroq kelishuv kelasi bir necha oy ichida amalga oshishi aytilgan va koronavirus pandemiyasining mamlakatlar bo‘ylab tarqalishi ushbu kelishuv sanasiga o‘zgarishlar kiritgan edi.

Ma’lumot uchun, "Olma-Ota xalqaro aeroporti" aksiyadorlik jamiyati 1995-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning yagona aksioneri " Қазақстан əуе жолы" milliy aviakompaniyasi edi. Shundan so‘ng, ayeroportda bir nechta aksionerlar almashgan.