Ombudsmanga qonunchilik tashabbusi huquqi ham berildi

  • 15:17 / 13.09.2021
  • 56

Ombudsmanga qonunchilik tashabbusi huquqi ham berildi. Bu borada Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni imzolandi.

Farmon bilan Ombudsmanning eng ustuvor vazifalari sifatida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va uni amalga oshirishda ishtirok etish belgilandi. 

Shu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarining qonunchilikka rioya etilishi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini amalga oshirishga urg‘u berildi. 

Farmonda Ombudsmanning inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining buzilishi to‘g‘risidagi murojaatlarni ko‘rib chiqish, inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlari normalarining ijrosini o‘rganish hamda ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlashiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, Ombudsmanga qonunchilik tashabbusi huquqi ham berilmoqda.

Hujjatda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda qiynoqqa solish hamda boshqa g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalaning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘rish vazifasi ham belgilangan. 

Inson huquqlari buzilgan holatlari haqidagi xabarlarni vakolatli davlat organlari, mansabdor shaxslar va nodavlat tashkilotlar vakillari bilan birgalikda tekshirish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish hamda inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ham Ombudsmanning muhim vazifalari jumlasiga kiradi.