Ota-onalar bolalar tarbiyasida yoʻl qoʻyadigan 5 xato

  • 17:09 / 21.07.2021
  • 190

Har bir ota-ona farzandining yaxshi inson boʻlib ulgʻayishini orzu qiladi. Ammo, “yaxshi inson” degan tushuncha hammaning ongida turlicha koʻrinishga ega. Farzandingizning yaxshi inson boʻlib ulgʻayishi uchun uni qanday tarbiya qilyapsiz? Balki oʻzingiz bilmay, xatolarga yoʻl qoʻyayotgandirsiz?

1. Buyuk rejalar

Har bir insonning amalga oshira olmagan ishlari, yetisha olmagan orzulari boʻlishi tabiiy. Ammo, siz yetisha olmagan orzularni bolangizning qiyofasida amalga oshirishga harakat qilmang. Bu borada bolaning oʻz fikri va qiziqishlari mavjud ekanligini hisobga oling. Uni qobiliyati mavjud boʻlgan va oʻzi qiziqqan sohalarga yoʻnaltirish zarur.

2. Pulga nisbatan salbiy munosabatni shakllantirish.

Ota-onalar aksariyat holatlarda bolada pulga nisbatan notoʻgʻri munosabatni shakllantirishadi, bolalarga pul topish qiyin ekani, pul ishlatish faqat kattalar ishi ekanligini uqtirib qoʻyishadi. Buning oldini olish uchun ularga har kuni choʻntak puli ajrating va bu pulni oʻzi ishlatishiga qoʻyib bering. Taʼtil vaqtlarida pul ishlashni istasa, darrov yoʻq demang. Bolada pulga nisbatan toʻgʻri munosabat shakllanishi kerak.

3. Bolaga past nazar bilan qarash

Siz farzandingizdan aqlli, kuchli va tajribali ekanligingiz aniq... Biroq, bu uning fikrini eshitmasligingiz kerakligini anglatmaydi. Uni shaxs sifatida qabul qiling, fikri va tanlovini hurmat qilishga oʻrganing. U bilan imkon qadar koʻproq gaplashing va fikr almashing.

4. Hammaga yoqishi shart emas

Biz bolalarga hammaga nisbatan yaxshi va yumshoq muomalada boʻlishni, xushmuomalalik bilan gaplashishni, oʻqituvchilariga ham, tengdoshlariga nisbatan ham halim boʻlish kerakligini uqtiramiz. Bu esa bolaning shaxsiy fikri, prinsiplari, istaklarini soʻndirib qoʻyadi. Kelgusida uning bu feʼlidan hamkasblari ustomonlik bilan foydalanishlari mumkin.

5. Eʼtiborsizlik

Bolalarning muammolariga eʼtiborsizlik bilan munosabatda boʻlish – sizni unga nisbatan befarqdek koʻrsatib qoʻyadi. Bolangiz oʻz hissiyotlari, tashvishlari, muammolari haqida gapirgan vaqtda uning soʻzlariga diqqat bilan quloq soling. Sizning vazifangiz – uning muammolariga jiddiy qarash, ana shu muammolarning yechimini topishi uchun uni qoʻllab-quvvatlash hisoblanadi.