Ota-onalarning asosiy qismi maktablarda an’anaviy shakldagi ta’lim tarafdori – Xalq ta’limi vazirligi

  • 11:36 / 04.09.2021
  • 202

Xalq ta’limi vazirligi ota-onalardan olingan so‘rovnomalar natijasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 5,05 mln. nafar so‘rovnoma ishtirokchilarining 94,6 foizi farzandlarining umumta’lim maktablarida an’anaviy shaklda ta’lim olishi tarafdori.

Bu haqda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan ochiq muloqot vaqtida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda respublika bo‘yicha jami maktablar soni 10 012 ta bo‘lib, ularda 6,2 mln. nafar o‘quvchilar ta’lim oladi. Vazirlik o‘tkazgan so‘rovnoma ishtirokchilarining 5,4 foizi farzandlarining masofaviy ta’lim olishini istashgan.

Shuningdek, vazirlik “Online-maktab”larda kimlar o‘qishi mumkinligiga aniqlik kiritib o‘tdi. 

Unga ko‘ra, “Online-maktab”larda:
–  O‘zi yoki oila ahzolaridan biri COVID bo‘lib vaqtincha davolanishda bo‘lgan o‘quvchilar;
–  O‘quv yili davomida o‘qituvchi yoki o‘quvchilar orasida COVID aniqlanib, vaqtinchalik karantinga olingan sinf yoki maktablar o‘quvchilari;
–  Vaqtincha boshqa joyda o‘qishni davom ettirish imkoniyati bo‘lmagan maktablarning o‘quvchilari onlayn ta’lim olishlari mumkin.