O‘tgan 6 oyda chaqaloqlar savdosi bilan bog‘liq sodir etilgan jinoyatlar soni ochiqlandi 

  • 17:41 / 30.07.2021
  • 146

Bugun, 30-iyulda Oliy Majlis Senatida bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda Senat Raisi Ichki Ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risidagi axborotiga o‘z munosabatini bildirdi.

–   Huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish borasida ishlar “mahallabay” va namunaviy tajribalar asosida olib borilayotgani o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda, – dedi Senat Raisi T.Narbayeva. – Buni mahallalarning qariyb yarmida jinoyat sodir etilmagani misolida ham ko‘rish mumkin. Bu hali mamlakatimiz tarixida ham bo‘lmagan edi. Hozir aholining huquqiy madaniyati va daromadi oshib borayotgani, tizim tashkilotlarining sa’y-harakatlari tufayli ijobiy natijalarga erishilmoqda. Lekin talabimiz hamma mahallalarda ham jinoyat bo‘lmasin.
Avvallari jinoyat ko‘p bo‘lsa, tizim tashkilotlari yaxshi ishlamayotgani tanqid qilinardi. Hozir esa jinoyatlar to‘liq fosh qilinib, aybdorlar qonun oldida javob berishi ta’minlanyapti.

Shuningdek, Senat Raisi IIV vazirining bergan axborotida jinoyatchilik avj olgan mahallalar hamda odam savdosiga oid qismiga to‘xtalib o‘tdi.

–  Qariyb 3 mingta mahallada kriminogen vaziyat og‘ir, ya’ni “qizil” toifada ekani hammamizni o‘ylantirishi kerak. Yoki odam savdosi bilan bog‘liq aniqlangan jinoyatlar oldingi yilga nisbatan ikki barobardan ziyodga oshgan. Xususan, 34 ta holatda chaqaloqlar savdosi jinoyati aniqlangani o‘ta tashvishlidir. Bu muammolarga faqat Ichki ishlar emas, balki Sog‘likni saqlash, mahalla vazirliklari, mas’ul ko‘plab tashkilotlar jonbozlik ko‘rsatsin, – deb ta’kidladi Tanzila Narbayeva.