O‘tgan haftada Ai-80 markali benzinning birjadagi boshlang‘ich narxi 7,4 foizga ko‘tarilgan – O‘zRTXB

  • 14:05 / 12.05.2020
  • 509

O‘tgan hafta davomida, "O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi" AJning barcha savdo platformalarida 1 066,2 mlrd. so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 15 foizga ko‘pdir. Bunda sotuvlarning 92 foizi – birja savdolari, 4 foizi – ko‘rgazma-yarmarka savdolari, 4 foizi – elektron davlat xaridlari va 0,3 foizi – avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to‘g‘ri keldi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 350,8 mlrd. so‘mni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining 9,1 mlrd. so‘mlik mablag‘lari tejaldi.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 781 ta avtoraqamlar sotildi. Sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 97 foizga o‘sib, 3,2 mlrd. so‘mni tashkil qildi. Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 21,0 foizi birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 46,7 foizi ikkinchi va 32,3 foizi uchinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.

Birja savdolari

Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 976,3 mlrd. so‘mlik tovar resurslari sotildi, o‘sish – 17 foizni tashkil etdi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘yishdi, shu jumladan:

Paxta yog‘i

O‘tgan haftada birja savdolariga 1 976,0 tonna paxta yog‘i qo‘yildi va ulardan 821,0 tonnasi, ya’ni 41,5 foiz sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 51 ta savdo ishtirokchisini ishtirok etishdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 9 387,9 ming so‘mdan 9 210,0 ming so‘mgacha, ya’ni 2 foizga pasaydi. Hafta yakunlariga ko‘ra 1-navli paxta yog‘ining haftalik kotirovkasi avvalgi haftaga nisbatan 2 foiz ga o‘sib, mahsulotni bir tonnasi uchun 9 869,1 ming so‘mni tashkil etdi.

Shakar

Taklif darajasi yuqori bo‘lganligi sababli birjaning shakar bozorida barqarorlik saqlanmoqda. O‘tgan haftada birja savdolariga 16 000,0 tonna shakar qo‘yildi va ulardan 7 173,0 tonnasi, ya’ni 45 foizi sotildi.

Birja savdolarida har kuni o‘rtacha 20 ta xaridorlar ishtirok etishdi va bu avvalgi haftaga nisbatan 26 foiz ga kamdir. O‘tkazilgan birja savdolari natijasida shakarning 3-kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi kichik pasayish bilan shakarning bir tonnasi uchun 5 246,8 ming so‘mni tashkil qildi.

Benzin

O‘tgan haftada birja savdolariga 79 609,0 tonna AI-80 markali avtomobil benzini qo‘yildi va ulardan 15 633,0 tonnasi, ya’ni 20 foizi sotildi.

Birja savdolarida “O‘zbekneftegaz” AJ neft bazalari, avtomobil yoqilg‘i quyish shaxobchalari va benzinni o‘z ehtiyojlari uchun xarid qiladigan boshqa yuridik shaxslar ishtirok etishdi.

AI-80 markali avtomobil benzinning boshlang‘ich narxi 1-may holati bilan solishtirganda sotuvchi korxonalar tomonidan 3 810,3 ming so‘mdan 4 093,8 ming so‘mgacha, ya’ni 7,4 foizga ko‘tarildi. Shu bois AI-80 benzinning o‘rtacha kunlik narxlari ham mos tarzda 3 812,5 ming so‘mdan 4 095,5 ming so‘mgacha, ya’ni 7,4 foizga o‘sdi.

AI-80 rusumli avtomobil benzinining o‘rtacha haftalik kotirovkasi benzinning bir tonnasi uchun 4 023,4 ming so‘mni, AI-91 benzinning narxi – 5 827,5 ming so‘mni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, turli manbalarda keltirishicha avtomobil benzinining bir tonnasi o‘rtacha 1293-1370 litrni tashkil qiladi.