O‘tgan yilgi test sinovlarida abituriyentlardan qariyb 900 mln. so‘mlik ortiqcha to‘lovlar undirilgan – Senat

  • 10:45 / 26.05.2021
  • 243

2019-2020-o‘quv yili qabuli test sinovlarida ishtirok etish uchun ariza bergan abituriyentlardan qariyb 900 mln. so‘mlik ortiqcha to‘lov undirilgan.

Bu haqda kecha, 25-may kuni Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisida aytib o‘tildi. 
Tanzila Narbayeva raisligida o‘tkazilgan majlisda qator masalalar, jumladan, ayrim byudjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalar mablag‘lari shakllantirilishi va ulardan foydalanish samaradorligini o‘rganish natijalari to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, 2018–2020-yillarda test sinovlari shaffof va adolatli o‘tkazilishini ta’minlash uchun jamg‘arma hisobidan 93,3 mlrd. so‘m sarflangan. Shunga qaramay 2019–2020-o‘quv yili qabuli test sinovlarida ishtirok etish uchun ariza bergan abituriyentlardan 896,4 mln. so‘m ortiqcha to‘lov undirilgan, 30 mlrd. so‘m mablag‘ tijorat banklari depozitlariga elektron saralash tizimisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan kelishuv asosida joylashtirilgan.

Shuningdek, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun talablariga rioya qilmasdan 11,2 mlrd. so‘mlik xaridlar amalga oshirilgan.

Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘laridan 26 ta tuman (shahar) aholi bandligi markazlariga haq to‘lanadigan jamoat ishlarining 2020 yil uchun xarajatlar smetasiga nisbatan jami 259,5 mln. so‘m mablag‘ ortiqcha sarflangan.

Bandlik markazlari tomonidan amalda ishsiz deb e’tirof etilmagan va haqiqatda ish bilan band bo‘lgan fuqarolarga 93 mln. so‘m jamg‘arma mablag‘i noqonuniy berilgan. Oxirgi 2 yilda jamg‘armaning 10 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘i noqonuniy sarflangan.