“O‘zaro kelishmovchilik sabab bolalarni polga o‘tirgizib tasvirga olgan” – Shermatov Yakkabog‘dagi holat bo‘yicha munosabat bildirdi

  • 09:48 / 11.09.2021
  • 232

Kecha, 10-sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida joylashgan maktablardan birining o‘quvchilari parta bo‘lmagani uchun polda o‘tirgan holda dars o‘tgani haqida video tarqaldi. Viloyat prokuraturasi holat bo‘yicha munosabat bildirdi.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ham mazkur holatga e’tibor qaratib, o‘z munosabatini bildirdi. 

“Kimdir jismonan imkoniyati cheklangan bo‘lsada davlatimiz obro‘sini dunyoga ko‘tarayapti, kimdir to‘rt muchasi sog‘ bo‘lib, o‘zaro shaxsiy kelishmovchiligi sababli mamlakatimiz obro‘sini to‘kishga harakat qilayapti”, – deb boshlaydi Shermatov o‘z munosabatini.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur maktabga o‘tgan yili vazirning o‘zi borib, xarob ahvolda bo‘lgani uchun ta’mirlash dasturiga qo‘shtirgan. Ayni paytda 3 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilib, maktab joriy yilda ta’mirlanish jarayonida. 

“Afsuski, dastlabki surishtiruvga ko‘ra, maktabning ayrim o‘zaro qarindosh bo‘lgan o‘qituvchilari va direktor orasidagi kelishmovchiliklar sababli, bolalarni polga o‘tkazib, rasmini turli ijtimoiy tarmoqlarda va OAVlarda tarqatishmoqda. Aslida, katta miqdordagi ta’mirlash ishi oxirigacha to‘liq tugab ulgurmaganiga, maktab ochilmasligi, bolalar vaqtincha boshqa maktabda yoki masofadan o‘qib turishi rejalashtirilishi kerak edi. Shuning uchun ham maktabda yangi mebellar vaqtincha o‘rnatilmagan. Agar juda shoshilinch bo‘lib ta’mirdan chiqqan joyida o‘qishni tashkil etish juda zarur bo‘lsa o‘tgan yilgi mebelni vaqtincha ishlatib tursa ham bo‘lar edi. Maktabda o‘quvchi soni quvvatidan oshiq emas, shunga bir smenada o‘qishni tashkil etish uchun joy yetarli”, – deb yozadi vazir. 

Sherzod Shermatov shuningdek, holat yuzasidan prokuratura organlari holatni to‘liq o‘rganib, tegishli javobgarlik choralarini ko‘rishiga umid qilishini bildirgan.