O‘zbek belbog‘li kurashini Jahon tan olmoqda!

  • 10:09 / 14.10.2021
  • 102

Joriy yil 7-10-oktabr kunlari Ukrainaning Lvov shahrida tarixda ilk bor belbog‘li kurash sporti bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida Yevropa chempionati bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada jami 100 nafarga yaqin polvon -65 kg, +65 kg, -90 kg hamda +90 kg vazn toifalarida g‘oliblik uchun bellashdi. Yevropa chempionatida hamyurtimiz, xalqaro toifadagi hakam Ne’matulla To‘ychiyev bosh hakam sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Yuksak saviyada tashkil etilgan musobaqada hakamlar bellashuvlarni belbog‘li kurash sportida qo‘llaniladigan sof o‘zbekcha atamalar asosida boshqarib borishdi.

Yevropa chempionati yakunlariga ko‘ra, umumjamoa hisobida faxrli 1-o‘rin Polsha terma jamoasiga nasib etdi. Mezbon ukrainalik kurashchilar esa 2-o‘ringa loyiq ko‘rilgan bo‘lsa, litvalik polvonlar umumjamoa hisobida 3-o‘rinni band etishdi. Har bir vazn toifasida kuchli uchlikdan joy olgan polvonlar Jahon belbog‘li kurash assosiasiyasi tomonidan medal, diplom va estalik sovg‘alari bilan mukofotlanishdi.

Shuningdek, Lvovda Ukraina belbog‘li kurashi bo‘yicha Jahon chempionati ham bo‘lib o‘tdi. Unda to‘rt nafar sportchimiz munosib ishtirok etdi.

Dunyoning 16 davlatidan 200 nafarga yaqin polvon qatnashgan musobaqaning klassik va erkin yo‘nalishlaridagi bellashuvlar hamyurtlarimiz uchun omadli kechdi. Jumladan, +90 kg vazn toifasida o‘zbekistonlik Rustam Umarov (Namangan) oltin medalga sazovor bo‘ldi.

-90 kg vaznda Muzaffar Soibboyev (Namangan), +90 kg vazn toifasida Latifjon Badalov (Namangan) hamda qizlar o‘rtasida +65 kg vaznda Sahobat Sheraliyeva (Farg‘ona) bronza medaliga ega chiqishdi.
Ta’kidlash joiz, ushbu chempionat Jahon belbog‘li kurash assosiasiyasi ko‘magida tashkil etildi. Darvoqe, mazkur tashkilot joriy yilning 27-sentabr sanasida Litvaning Vilnyus shahrida rasman Yevropa Ittifoqidan ro‘yxat o‘tkazilgan.

Yevropa chempionati doirasida Jahon belbog‘li kurash assosiasiyasining ta’sis Kongressi ham bo‘lib o‘tdi. Kongressda Jahon belbog‘li kurash assosiasiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga oid axborotlar tinglandi. Bir qator tashkiliy masalalar hamda ijroqo‘m a’zolari safini yanada kengaytirish, chunonchi, Osiyo va Pan-Amerika belbog‘li kurash federasiyalarini tuzish xususida ham o‘zaro kelishib olindi. Demak, bu jarayon o‘z-o‘zidan milliy sportimiz – belbog‘li kurashning yer kurrasi bo‘ylab tobora keng ommalashib borayotganidan darak beradi.