O‘zbek-xitoy vaksinasi bilan emlanganlarning koronavirusga chalinishi kuzatiladimi?

  • 16:22 / 22.07.2021
  • 167

O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, vaksinalar va immunoprofilaktika bo‘limi boshlig‘i Dilorom Tursunova ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlangandan so‘ng koronavirusga chalinish holatlari haqida ma’lumot berdi.

Dilorom Tursunovaning ta’kidlashicha, hozirda koronavirus bilan emlangandan so‘ng virusni yuqtirmaslikka 100 foiz ishonch bilan javob berishi qiyin. Nafaqat ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi, balki boshqa vaksinalar bilan emlangan fuqarolar o‘rtasida ham kasallikni yuqtirish holatlari kuzatilmoqda. Biroq aynan emlangan fuqarolar kasallikning alomatlarini yengil ko‘rinishda o‘tkazayotganlari qayd etilgan.

“Koronavirusga qarshi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlangan fuqarolar orasida virusni yuqtirish holatlari taxminan 0, 004 foiz aholi orasida aniqlandi. Shu sababli inson uchun bebaho sog‘liqni va umrini asrab qolish maqsadida vaksina olishni ilgari surmoqdamiz.

Shuni ham aytib o‘tish joizki, vaksinaning 1-dozasi bilan 2-dozasining oralig‘ida emlangan fuqarolarda asosan virusni yuqtirish holatlari kuzatildi. Biroq 3-dozani qabul qilgan aholi o‘rtasida virusga chalinganlar deyarli tasdiqlanmadi”, – dedi Dilorom Tursunova.