O‘zbekiston 60 ga yaqin davlatga to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilgan – statistika

  • 14:27 / 09.09.2021
  • 78

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston 58 ta xorijiy davlatlarga qiymati 1,6 mlrd. AQSh dollariga teng bo‘lgan to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilgan.  

To‘qimachilik mahsulotlari eksporti o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 602,0 mln. AQSh dollariga oshgan.

2021-yilning 7 oyida O‘zbekiston eng ko‘p Rossiya (514,8 mln. dollar), Xitoy (402,3 mln. dollar), Qirg‘iziston (211,8 mln. dollar), Turkiya (202,4 mln. dollar) hamda Pokiston (36,4 mln. dollar) davlatlariga to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilgan.

Shuningdek, Davstatqo‘m ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 7 oyida respublikamizda jami faoliyat yuritayotgan 5 375 ta to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari tomonidan 26,0 trln. so‘m qiymatga teng bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarilgan.

Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 24,6 foizga oshgan.

Shundan yirik korxonalar ma’lumotlari bo‘yicha:
–  Kalava ip ishlab chiqarish – 36,9 foizga oshgan;
–  Gilam va boshqa to‘qimachilik pol qoplamalari – 54,3 foizga oshgan;
–  Narsa joylanadigan qoplar va paketlar ishlab chiqarish – 23,5 foizga oshgan.

Farg‘ona (14,6 foiz), Toshkent (10,2 foiz), Qashqadaryo (9,2 foiz) va Samarqand (9,1 foiz) viloyatlari to‘qimachilik korxonalari tomonidan respublika miqyosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning jami hajmida eng yuqori ulushga ega hududlar hisoblanadi.