O‘zbekiston chegarasidan noqonuniy olib o‘tilayotgan qalbaki $5 ming to‘xtatib qolindi

  • 17:53 / 03.06.2021
  • 247

 
“Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi tomonidan respublika hududiga havo yo‘llari orqali qalbaki valyutalarni olib kirishga bo‘lgan urinishning oldi olindi.

Ma'lum qilinishicha, poytaxt aeroportida “Istanbul–Olmaota–Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan yo‘lovchilarning biri bojxona xodimlarining diqqatini tortgan va u to‘xtatilganida buyumlari orasidan 5000 AQSh dollari miqdoridagi seriya raqamlari bir xil bo‘lgan qalbaki kupyuralar borligi aniqlangan.

Tezkor tadbir xalqaro aeroport avtoturargohida va Yashnobod tumanida davom ettirilib, mazkur qalbaki valyutalarni qabul qilib, egasiga yetkazishi lozim bo‘lgan shaxslar ham qo‘lga olindi.

Ulardan birining boshqaruvidagi Lacetti avtomobili ko‘zdan kechirilganida, old o‘rindig‘i ostida yana 5000 soxta AQSh dollari borligi aniqlandi.

Tezkor tadbir davomida, Yunusobod tumanida mazkur qalbaki valyutalarning haqiqiy egasi ularni qabul qilib olayotgan vaqtida fosh etilib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda soxta kupyuralar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.