Turizm va sport vaziri Olimpiya shaharchasida O‘zbekiston delegatsiyasi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi

  • 10:59 / 22.07.2021
  • 155

Aziz Abduhakimov Olimpiya shaharchasida delegatsiyamiz uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri, Tokio-2020dagi O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Aziz Abduhakimov, O‘zbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov hamda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov bilan birga Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurib, O‘zbekiston delegatsiyasi uchun yaratib berilgan barcha sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi. 

O‘rganish ishlari dastavval ko‘chadan boshlandi. Unda vakillarimiz istiqomat qilayotgan qavatlarning tashqi tomondan qanday bezatilgani, ichkarida esa O‘zbekistonning turistik salohiyatini aks ettiruvchi ko‘rgazmali banerlar ko‘rib chiqildi. 

Mutasaddilar tashrifi Marat Qurbonov boshchiligidagi bokschilarimizning mashg‘ulotiga to‘g‘ri keldi. Ular bokschilarimizning mashg‘ulotini kuzatib, ular bilan suhbatlashishdi va bo‘lajak musobaqa oldidan o‘zlarining iliq tilaklarini bildirib o‘tishdi.  

Ta’kidlash joiz, mutasaddilarga tashrif davomida MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi o‘rinbosarlari Saken Polatov, Azizjon Kamilov va Sherzod Tashmatov hamrohlik qildilar. 

Shundan so‘ng, ular yuqori qavatdan joy olgan O‘zbekiston delegatsiyasining shtabiga ko‘tarilishdi. U yerda shtab a’zolari bilan suhbatlashib, ularning faoliyati bilan tanishdilar. Shuningdek, jamoaning tibbiyot markazi olib borayotgan ish ham yaqindan o‘rganildi. 

Shifokorlar Aziz Abduhakimov boshchiligidagi mutasaddilarga nafaqat sportchilar, balki delegatsiya tarkibidagi boshqa vakillarining salomatligi, ularning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida yaqindan gapirib berishdi. 

Belgilanganidek, har bir delegatsiya a’zosidan kunlik PZR testlari olinmoqda va ular barchasi manfiy ko‘rsatkich bermoqda. O‘z navbatida delegatsiya rahbariyati tomonidan atletlarning salomatligini asrash, jarayonni yanada kuchli nazoratga olish bo‘yicha qo‘shimcha tavsiyalar berib o‘tildi. 

Mutasaddilar shtab a’zolari bilan alohida uchrashuv tashkil etilib, tashkiliy masalalar bo‘yicha Yaponiya tajribasini chuqur o‘rganish, undan “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlari davomida samarali foydalanish, Olimpiya obyektlari loyihasining arxitektorlari bilan uchrashuvlar tashkil qilish, zamonaviy sport inshootlarini O‘zbekistonda qurish, unda kamxarj va tejamkor materiallardan foydalanishni o‘rganish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.