O‘zbekiston Ekologik partiyasi liderining saylovoldi dasturi e’lon qilindi

  • 11:27 / 27.08.2021
  • 351

Bugun, 27-avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Ekologik partiyasining III S’yezdi o‘z ishini boshladi. Bu haqda Xabardor.uz muxbiri ma’lum qildi.

Tadbirda Markaziy Kengashi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, hududlardan saylangan delegatlar, partiya faollari hamda OAV vakillari ishtirok etmoqda.

Partiya s’yezdida O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning Saylovoldi dasturi muhokama qilinadi.

Saylovoldi dasturida quyidagi asosiy yo‘nalishlar belgilangani aytilmoqda:

– “yashil” iqtisodiyot tamoyillari asosida mamlakatni jadal rivojlantirishga yo‘naltirilgan siyosatni yuritish;

– aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash qamrovini kengaytirish, oqova suvlarni tozalash inshootlarini modernizasiya qilish hamda yangilarni qurish choralari ko‘rish;

–   chiqindilarni qayta ishlashga qaratilgan davlat siyosatini kuchaytirish;

–   iqlim o‘zgarishlariga moslashish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish;

–   atmosferaga tashlanmalarni kamaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish;

–   jamiyatda yuksak ekologik madaniyatni shakllantirish, ona tabiatni, jumladan o‘simlik va hayvonot dunyosini asrab-avaylash, ularga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish xissini kuchaytirish;

–   global va transchegaraviy ekologik muammolarni hal qilishda xorijiy davlatlar, avvalambor Markaziy Osiyo davlatlari bilan har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratish.

Eslatib o‘tamiz, partiya Markaziy Kengashining joriy yil 4-avgust kuni bo‘lib o‘tgan plenumida O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Prezidenti lavozimiga nomzod etib Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Oblomurodov Narzullo Naimovich ko‘rsatilgan.