O‘zbekiston Jahon bankidan qariyb $300 millionlik imtiyozli kreditlarni jalb qiladi

  • 17:31 / 18.05.2021
  • 138

Joriy yilning 17-may kuni Jahon banki va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida “O‘zbekistonda suv ta’minoti xizmatlari sektorini rivojlantirish va uni institutsional qo‘llab-quvvatlash” loyihasi bo‘yicha moliyaviy va grant bitimlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilishicha, Loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki tomonidan 239 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit, shuningdek, Shveysariya davlat kotibiyatining iqtisodiy masalalar bo‘yicha 7,8 million AQSh dollari miqdoridagi granti ajratiladi.

Loyiha doirasida O‘zbekistonning uchta hududida 500 mingdan ortiq kishi suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlaridan yanada sifatli foydalana oladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida Nukus, Taxiatosh va Xo‘jayli shaharlarida kanalizatsiya-tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. 

Shuningdek, Sirdaryo viloyati va Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlari kengaytirilib, rekonstruksiya qilinadi.

Shuningdek, "O‘zbekistonda milliy innovatsion tizimni modernizatsiya qilish" loyihasi bo‘yicha ham moliyaviy bitimlar imzolandi. Loyihani amalga oshirish uchun Jahon banki tomonidan 50 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratiladi.

Jahon banki tomonidan qo‘llab-quvvatlangan yangi loyiha hukumatga bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlashga qodir bo‘lgan milliy innovatsion tizimni rivojlantirishga yordam beradi. Bu ilmiy va innovatsion mahsulotlar va xizmatlarni ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlanmalari va tijoratlashtirish sohasida davlat, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi.

 Hozirgi kunda Jahon banki 24 ta loyihani texnik yordam va moliyalashtirish orqali O‘zbekistonga ko‘maklashmoqda. Ular muhim iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim, suv ta’minoti va sanitariya, energetika, transport, ijtimoiy himoya qilish, shahar va qishloq infratuzilmasini modernizasiya qilish, shuningdek, COVID-19'ning sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va fuqarolar uchun ta’sirini kamaytirishga yordam beradi.