O‘zbekiston jo‘natgan gumanitar yordam minglab oddiy afg‘onlarning hayotini saqlab qoldi – Afg‘oniston Tashqi ishlar vaziri

  • 10:41 / 16.06.2021
  • 146

2021-yilning 15-iyun kuni O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Afg‘oniston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Tomonlar afg‘onlararo to‘g‘ridan-to‘g‘ri tinchlik muzokaralarining istiqbollarini, iyul oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik ko‘rish jarayonini hamda savdo-iqtisodiy sohadagi o‘zaro hamkorlikni faollashtirish masalalarini muhokama qildi.

H.Atmar O‘zbekiston Prezidentiga ko‘rsatilgan favqulodda gumanitar yordam uchun Afg‘oniston rahbariyatining samimiy minnatdorligini yetkazishni so‘radi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur gumanitar yordam pandemiyaning uchinchi to‘lqiniga duch kelgan minglab oddiy afg‘onlarning hayotini saqlab qoldi.

Vazir O‘zbekiston rahbarining Afg‘oniston Hukumati iltimosiga birinchi bo‘lib javob berganini alohida ta’kidladi hamda bu O‘zbekiston-Afg‘oniston hamkorligining hozirgi yuqori darajasidan darak beruvchi yana bir misol ekanligini e’tirof etdi.

Afg‘oniston tomoni O‘zbekiston rahbariyatining afg‘on mojarosini tinch yo‘l bilan bartaraf etish, mamlakat hududida energetika va transport-kommunikasiya sohalarida turli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.