Oʻzbekiston Malayziya darvozasiga 5 ta toʻp kiritdi

  • 21:04 / 09.10.2021
  • 138

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi FIFA kunlari doirasida dastlabki oʻrtoqlik uchrashuvini oʻtkazdi.

FIFA kunlari munosabati bilan Iordaniya poytaxti Amman shahrida oʻquv-yigʻin mashgʻulotlarini davom ettirayotgan futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bugun, 9-oktyabr kuni Malayziyaga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi.

“Amman International Stadium”da oʻtgan uchrashuvda toʻliq ustunlik qilgan hamyurtlarimiz yakunda 5:1 hisobida zafar quchdi. Dastlab, oʻyinning 17-daqiqasida Farruh Sayfiyevning uzatmasidan soʻng Dostonbek Hamdamov hisobni ochgan boʻlsa, 29-daqiqada Hamdamovning oʻzi boshi bilan raqib darvozasini aniq nishonga olgan holda dublni rasmiylashtirdi, 2:0.

33-daqiqada vakillarimizning qanotdan boshlagan hujumini Husayn Norchayev gol bilan yakunladi, 3:0. Hakam tomonidan birinchi boʻlimga qoʻshib berilgan daqiqada raqib futbolchisi Badrol Bahtiar hisobni qisqartirdi.

68-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Ibrohimxalil Yoʻldoshev esa hisobni yanada yirik koʻrinishga olib keldi, 4:1. 85-daqiqada yana bir zaxiradan oʻyinga qoʻshilgan futbolchi Aziz Omonov oʻz goli bilan uchrashuvga yakuniy nuqtani qoʻydi, 5:1.

Eslatib oʻtish mumkin, vakillarimiz navbatdagi oʻrtoqlik uchrashuvini 12-oktyabr kuni mezbon, Iordaniya terma jamoasiga qarshi oʻtkazadi.