O‘zbekiston media bozoriga tuzatib bo‘lmaydigan darajada zarar yetkazadi – “Reklama to‘g‘risida”gi qonun loyihasi tanqid qilindi

  • 15:51 / 01.06.2021
  • 229

Mass-media fondi “Reklama to‘g‘risida”gi qonun loyihasini tanqid qilmoqda.

Ta’kidlanishicha, ushbu qonun loyihasini hozirda Qonunchilik palatasida muhokama qilinayotgan shaklda qabul qilish mamlakatning butun media bozori moliyaviy barqarorligiga tuzatib bo‘lmaydigan darajada zarar yetkazadi va teleradiokanallar o‘z yillik daromadidan milliardlab so‘m yo‘qotishiga olib keladi. Fondning ma’lum qilishicha, yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi ko‘rib chiqishdayoq 98,4 foiz ovoz bilan qabul qilingan.

Mazkur hujjat loyihasida qator e’tirozli masalalar bo‘lib, jumladan, unda tovarlarning takroriy reklamasini bir blokda joylashtirishni taqiqlash taklif qilinmoqda. 

Mass-media fondi esa bir mahsulot uchun reklamalarni bitta reklama blokida joylashtirish amaliyoti butun dunyoda qo‘llanilishi hamda aksariyat hollarda bu amaliyotga yirik xalqaro reklama beruvchilar (investorlar) murojaat qilishini ta’kidlaydi.

“Masalan, aksariyat kompaniyalar butun dunyo bo‘ylab imidj reklamasini o‘takazish bilan bir vaqtning o‘zida alohida bozor aksiyalarini faollashtirish uchun ham reklama targ‘ib qiladi. Shu o‘rinda, reklama roliklari, ularning mohiyati va maqsadi har xil bo‘lishi mumkin, ammo mahsulot bir va marketing strategiyasiga ko‘ra, ularni bitta reklama blokiga joylash mumkin”, – deyiladi mazkur masala yuzasidan bildirilgan munosabatda.

Shuningdek, Fond reklamaning umumiy hajmi borasida ham o‘z qarashlarini ilgari surib, hujjat loyihasida nazarda tutilgan – bir soatlik efir vaqtining 15 foizidan va kunlik efir vaqtining 10 foizidan oshmasligi kerakligini belgilash taklifiga xalqaro tajribada ayrim hollarda bu istisno qilinishini ta’kidlaydi. 

“Xorijiy amaliyotni tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, AQSh, Yaponiya, Janubiy Koreya singari ko‘plab mamlakatlar teleradiokanallarida reklama vaqtini cheklashlar mavjud emas. Yevropa ittifoqi, Markaziy Osiyo, Indoneziya, Ozarbayjon, Belorus kabi bir qator boshqa mamlakatlarda reklama teleradiokanallarining kunlik efir vaqtining 20-25 foizidan oshmasligi kerak ekan, – deyiladi Fond munosabatida.

Fond 30 daqiqa davom etadigan teleradiodasturlarda OAV tahririyatlariga loyihada ko‘rsatilgan 3 daqiqa o‘rniga 5 daqiqalik reklama blokini joylashtirishga ruxsat berilishi kerak, deb hisoblaydi. 

Shuningdek, reklama bozoridagi cheklovlar O‘zbekistonda bu boradagi talabning taklifdan ancha yuqori holatda shakllanishini keltirib chiqarishi ta’kidlandi.

“Natijada esa, reklama beruvchilar sun’iy ravishda chet el telekanallari va xorijiy Internet platformalariga surib qo‘yiladi, ularning daromadlari esa O‘zbekiston iqtisodiyotiga kirmaydi va bizda soliq solinmaydi.

Shuningdek, reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun haddan tashqari yuqori jarimalar qo‘llanilishi jamoatchilik orasida norozilikka sabab bo‘lmoqda” , – deyiladi Fond munosabatida.

Qolaversa, Fond parlamentning “Reklama to‘g‘risida”gi qonun loyihasini yangi tahrirda muhokama qilish va yana-da rivojlantirishga barcha manfaatdor tomonlarni, avvalambor, ommaviy axborot vositalari vakillarini jalb qilishi kerak, deb hisoblamoqda.