O‘zbekiston MTJ Singapurni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratdi

  • 09:23 / 08.06.2021
  • 68

“D” guruhi doirasida O‘zbekiston terma jamoasi Ar-Riyoddagi “Qirol Fahd” stadionida o‘zining dastlabki bahsini o‘tkazdi.

Avval xabar berganimizdek, futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Saudiya Arabistonida, markazlashgan holda o‘tayotgan Jahon chempionati saralash bahslarida ishtirok etmoqda.

Ushbu saralash bahslarining dastlabkisida Vadim Abramov shogirdlari Singapurga qarshi maydonga tushib, yirik hisobda g‘alaba qayd etishdi.

Dastlab O‘zbekiston termasi tezkor gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Ikrom Aliboyevning uzatmasidan so‘ng Jaloliddin Masharipov to‘pni darvozaga pastlatib joylab qo‘ydi.

Taym o‘rtalarida Jaloliddinning o‘zi ikkinchi golni ham kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Eldor Shomurodov yakkama-yakka vaziyatda darvozaga zarba yo‘lladi, biroq raqib darvozaboni bu zarbani qaytardi. Qaytgan to‘pni esa Masharipov egalladi va aniq zarba bilan darvozani ishg‘ol qildi.

Birinchi taymga qo‘shib berilgan daqiqalarda Italiyaning “Jenoa” klubi futbolchisi Eldor Shomurodov ham tabloga o‘z nomini yozdirib qo‘ydi. Dostonbek Hamdamovning qanotdan yetkazgan uzatmasini gavdasi bilan o‘ziga bo‘ysundirgan Eldor o‘ng oyoqda zarba berib, hisobni yanada yiriklashtirdi.

O‘z navbatida, ikkinchi bo‘lim avvalida Odil Ahmedovga ham gol urish nasib etdi. Tashkil etilgan tezkor qarshi hujumda Hojiakbar Alijonov Ahmedovni to‘p bilan ta’minladi. Shundan so‘ng, milliy terma jamoa sardori o‘zining kuchli va aniq zarbasi bilan hisobni 4:0 ko‘rinishiga olib keldi.

O‘yinga nuqta qo‘ygan gol bahs yakunlanib borayotgan bir pallada avtogol tariqasida kiritildi. Ahmedov jarima maydoniga uzatma amalga oshirayotgan paytda to‘p Singapur himoyachisi Fandining boshiga tegib, darvoza to‘ridan o‘rin oldi.

Yakunda, O‘zbekiston MTJ raqib ustidan 5:0 hisobida zafar quchib, Saudiyada o‘tayotgan saralash bahslarini yirik g‘alaba bilan boshladi.

Milliy terma jamoa ushbu natijadan so‘ng, o‘z ochkolari sonini 12 taga yetkazib oldi.

JCH-2022 saralash. Osiyo mintaqasi, 2-bosqich. 8-tur
O‘zbekiston - Singapur - 5:0.

Gollar: Jaloliddin Masharipov (6, 35), Eldor Shomurodov (45+), Odil Ahmedov (50), Fandi (89 avtogol)

O‘zbekiston – Sanjar Quvvatov, Husniddin Aliqulov, Umarbek Eshmurodov, Islomjon Qobilov, Oleg Zoteyev, Otabek Shukurov, Odil Ahmedov, Ikrom Aliboyev, Jaloliddin Masharipov, Dostonbek Hamdamov, Eldor Shomurodov

Zaxira: Valijon Rahimov, Abduvohid Ne’matov, Hojiakbar Alijonov, Ibrohimhalil Yo‘ldoshev, Rustamjon Ashurmatov, Abrorbek Ismoilov, Odiljon Hamrobekov, Hojimat Erkinov, Vagiz Galiulin, Sanjar Shoahmedov, Temurxo‘ja Abduholiqov, Farruh Ikromov

Singapur – Izvan Mahbud, Mamdxu Moxana, Bayxakki Xayzan, Shakir Xamza, Nazrul Nazari, Shahdan Sulaiman, Zulfaxmi Arifin, Xafiz Sujad, Xazzuvan Xalim, Faris Ramli, Yasir Xanapi

Zaxira: Zayful Nizam, Xassan Sanni, Anu, Amirul Adli, Hafiz Nur, Sayfulla Akbar, Xami Shaxin, Irfan Fandi, Ilxan Fandi, Shaval Anuar, Zulqarnayn Suzliman, Gabriyel Kvak