O‘zbekiston o‘tgan 6 oyda oltin narxi oshgani hisobiga qariyb 2,5 trln. so‘m qo‘shimcha daromad qildi

  • 13:06 / 30.07.2021
  • 274

Joriy yilning I yarmida tashqi savdo aylanmasi 13,6 foizga o‘sib, 18 mlrd. dollarga yetdi. 

Bu haqda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining 2021-yil I yarim yillik uchun iqtisodiyoti va rivojlanishining tendensiyalari sharhida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida, mamlakatimizning asosiy eksport tovarlari bo‘yicha tashqi bozorlardagi narxlarning oshishi yoki ijobiy shakllanishi kuzatildi. 

Xususan, joriy yilning yanvar-iyun oylarida o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda: 
– oltinning o‘rtacha narxi 9,7 foizga oshishi hisobiga davlat byudjetiga 2,5 trln. so‘m atrofida qo‘shimcha daromad manbai shakllandi; 
– kumush narxining 44 foizga va mis narxining 64 foizga oshishi hisobiga ushbu tovarlar eksportining mos ravishda 3,3 va 1,9 barobarga; (mazkur davrda, rangli metallar eksporti hajmi 85 foizga o‘sib, ushbu o‘sishning 2/3 qismi narx hisobiga erishildi) 
– paxtaning o‘rtacha narxi 42 foizga oshishi hisobiga to‘qimachilik mahsulotlari eksportining 63 foizga; (mazkur davrda, to‘qimachilik mahsulotlari eksporti qiymati  45 foizga, jumladan ip-kalava 48,7 foizga (289 ming tn), trikotaj matolar – 47,4 foizga (19,5 ming tn) oshdi) 
– polimer mahsulotlarining o‘rtacha narxi 53 foizga o‘sishi ular eksportining dollar miqdoridagi hajmini 37 foizga o‘sishiga xizmat qildi (mazkur davrda polimer mahsulotlarini ichki bozorga yo‘naltirilishi natijasida eksportning fizik hajmi o‘tgan yilning mos davridagi 203 ming tonnadan 183 ming tonnagacha pasaygan). 

Natijada, joriy yilning I yarim yilligida tovarlar  va xizmatlar eksporti hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan  12,3 foizga o‘sib, 7,1 mlrd dollarni tashkil etdi. 
Bunda oltin eksportini hisobga olmaganda o‘sish 36,4 foizga yetdi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat statistika qo‘mitasi rasmiy ma’lumotida joriy yilning yanvar-iyun oylari oralig‘ida jami 1 mlrd. 386,5 mln. AQSh dollarilik oltin eksport qilingani ma’lum qilingan edi.

Ma’lumot uchun: Jahon savdo tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra,  2021-yilda jahon savdo aylanmasi 8 foizga, 2022-yilda – 4 foizga o‘sishi kutilmoqda.