O‘zbekiston “spetsnaz”lari harbiy texnikalari bilan tojik-afg‘on chegarasini qo‘riqlashda ishtirok etadi

  • 14:37 / 19.07.2021
  • 448

O‘zbek askar va ofitserlari tojikistonlik va rossiyalik hamkasblari bilan birgalikda qo‘shni hududdan jangarilarning ehtimoliy hujumidan tojik-afg‘on chegarasini qo‘riqlash amaliyotini o‘tkazadilar.

1 –10-avgust kunlari Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegaralarida – Hatlon yo‘nalishida Tojikiston, O‘zbekiston va Rossiya Qurolli Kuchlarining keng ko‘lamli qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda "Asia-Plus" ga Tojikiston hukumatidagi manbalariga tayanib ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Tojikiston, O‘zbekiston va Rossiya harbiylarining terrorizmga qarshi qo‘shma mashg‘ulotlari Afg‘oniston bilan chegarada joylashgan "Harbmaydon" poligonida bo‘lib o‘tadi.

Mashg‘ulotlarda uch davlatning havo kuchlari, havo hujumidan mudofaa kuchlari, zirhli texnika va maxsus kuchlari ishtirok etadi.

Mazkur mashg‘ulotlardan ko‘zlanayotgan maqsad Afg‘onistondan Tojikistonga terrorchi kuchlar kirib kelgan taqdirda chegaradagi uch davlat harbiylari harakatlarini muvofiqlashtirish bo‘ladi.

Manbada ta’kidlanishicha, mazkur rejalashtirilgan tadbir uchala davlat harbiylarining birinchi to‘liq qo‘shma mashg‘ulotlari hisoblanadi.