O‘zbekiston tashqi internet kanalining tezligi soniyasiga 1800 Gbitga yetkaziladi 

  • 11:45 / 30.04.2021
  • 140

Hukumatning xalqaro paketli kommutatsiya markazlarini modernizasiya qilish orqali Internet jahon axborot tarmog‘iga ulanishni kengaytirishga  doir tegishli qarori qabul qilindi.

Qaror matnida keltirilishicha, bu borada “O‘zbektelekom” AK xalqaro paketli kommutatsiya markazining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish” loyihasining texnik topshiriqlari bo‘yicha belgilangan tartibda o‘tkazilgan tanlov savdolari natijasiga ko‘ra AQShning “Winncom Technologies Corp” kompaniyasi g‘olib deb topilgan.

Ushbu loyihaning kapital qo‘yilmalari miqdori umumiy 25 mln 920,4 ming AQSh dollari bo‘lib, – “Aloqabank” AT krediti 9 mln 947 ming AQSh dollari, “O‘zbektelekom” AK mablag‘lari esa 5 mln 973,4 ming AQSh dollarini tashkil etadi.

Shundan 19 mln 947 ming AQSh dollariga zarur uskunalar xarid qilinadi. 

Shuningdek, mazkur qarorda loyihaning quvvati, shu jumladan yillik ishlab chiqarish hajmi hamda taxminiy yillik eksport hajmi haqida ham ma’lumot berilgan. Unga ko‘ra, kelgusida O‘zbekistonda xalqaro axborot-kommunikatsiya tarmoqlariga umumiy kirish tezligi soniyasiga 1 800 Gbitga yetkaziladi. 

Bunda sotish hajmi – soniyasiga 1 530 Gbitni, xizmatlar eksporti esa soniyasiga 80 Gbitni tashkil qilishi kutilmoqda.