“O‘zbekiston temir yo‘llari” metro qurilishidagi o‘g‘rilikka aslida kimlar aybdor ekanligini ma’lum qildi

  • 17:52 / 06.07.2021
  • 370

O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Toshkent halqa yo‘li yer usti metropolitenida olib borilgan qurilish ishlarida 899 mln. so‘mlik talon-toroj holati uchun aybni “o‘zi”dan soqit qilmoqda. Kompaniyaning ta’kidlashicha, aslida bu o‘g‘rilik bo‘lgan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va kompaniya mutasaddilarining esa mazkur o‘g‘irlikka aloqasi yo‘q.

Kompaniya Matbuot xizmatining bilidirishicha, Transport prokuraturasi tomonidan tarqatilgan yuqoridagi xabar turli OAV va keng jamoatchilik o‘rtasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ mutasaddilarini ayblash kampaniyasini boshlab bergan. Aslida esa bu kompaniya bilan bog‘liq bo‘lmagan o‘g‘rilik bilan bog‘liq holat bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan 2019-yilda Toshkent metropoliteni yer usti halqa yo‘lining birinchi bosqichi bo‘lgan 11 kilometrlik “Do‘stlik-2” – “Qo‘yliq” uchastkasida qurilish ishlari boshlangan. Ushbu loyiha qurilishi 2020-yilning mart oyida to‘liq tugatilib, foydalanish uchun topshirilishga tayyor bo‘lgan, biroq pandemiya sabab e’lon qilingan karantin choralari kuchaytirilishi mazkur yo‘nalishning ochilishini orqaga surgan. Qurilishda ishtirok etganlarning barchasiga esa javob berib yuborilgan. 

2020-yilning 3-iyul kuni, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli “1-sonli Energomontaj poyezdi” unitar korxonasi xodimlari Toshkent metropolitenining yer usti “Do‘stlik-2” – “Qo‘yliq” uchastkasini ko‘rikdan o‘tkazishganda, moddiy tovar (kabel mahsulotlari)ning o‘z joyida yo‘qligini aniqlagan va ushbu holat bo‘yicha zudlik bilan IIV Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasiga murojaat qilgan. 

Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, umumiy qiymati 899 131 590 so‘mlik kabel mahsulotlari noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlangani aniqlangan. Olib borilgan tergov harakati natijasida aybdor shaxslar hamda yo‘qolgan moddiy tovar (180 962 364 so‘mlik) topilib, O‘zbekiston JKning tegishli moddalariga binoan jinoyatchilar o‘rnatilgan tartibda javobgarlikka tortilgan. 

Bugungi kunda yetkazilgan 180 962 364 so‘mlik zarar aybdorlardan to‘liq undirilgan. 

“Ayni paytda ushbu holat yuzasidan IIV Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi tomonidan tergov va qidiruv ishlari davom etmoqda”, – deyiladi kompaniya Matbuot xizmati xabarida.