O‘zbekiston va Germaniya afg‘on qochqinlarining ehtimoliy oqimi masalasini birgalikda hal qiladi

  • 17:22 / 19.07.2021
  • 314

O‘zbekiston va Germaniya Afg‘oniston borasida kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan, xususan, afg‘on qochqinlarining ehtimoliy oqimi va chegaradagi voqealar bilan bog‘liq muammolarni birgalikda hal qiladi.

Bu haqda 2021-yilning 17-iyul kuni Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev hamda Germaniya Tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Matias Lyuttenberg bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilindi.

Uchrashuvda, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi, ushbu mamlakatda tinchlik jarayoniga o‘zaro yordam berish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar Afg‘onistondagi qurolli mojaroning avj olishidan xavotirlarini bildirdi va dunyo hamjamiyatining Afg‘onistonda tinchlik hamda barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarini davom ettirish yuzasidan gaplashildi.

Afg‘oniston xalqiga har tomonlama iqtisodiy va gumanitar yordamni davom ettirishda mintaqadagi mamlakatlarning muhim roli, shuningdek, Afg‘onistonda doimiy hamda har tomonlama tinchlikni o‘rnatish bo‘yicha sa’y-harakatlar xususida ta’kidlandi.