O‘zbekiston va Tojikiston hamkorlikda avtomobil ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

  • 15:50 / 09.06.2021
  • 160

O‘zbekiston va Tojikiston hamkorlikda avtomobil ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifi arafasida Dushanbeda tashkil etilgan birinchi O‘zbekiston – Tojikiston hududlararo investitsiyaviy forumida aytib o‘tildi.

Tadbirda ikki davlat vazirlik va idoralar mutasaddilari, shuningdek, O‘zbekiston va Tojikistonning turli hududlaridan kelgan 300 ga yaqin tadbirkorlar ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, mazkur tadbir doirasida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish maqsadida 50 mln. dollarlik ustav kapitaliga ega O‘zbekiston – Tojikiston investitsiya jamg‘armasi tashkil etilgan.

Forumda tomonlar avtomobil sanoati, to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat va elektrotexnika sanoati, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini birgalikda ro‘yobga chiqarish yuzasidan aniq takliflarning taqdimotini ham o‘tkazishgan.

Tadbir yakunlari bo‘yicha Tojikiston Hukumati huzuridagi Eksport agentligi bilan O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim, avtomobil, transformator, maishiy texnika ishlab chiqarish, intensiv bog‘lar, issiqxona komplekslari, qishloq xo‘jaligi va meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma korxonalarni tashkil etish bo‘yicha bitimlar, shuningdek, bir qator savdo shartnomalari imzolandi. 

Imzolangan hujjatlarning umumiy summasi 730 mln. dollarni tashkil etdi.