O‘zbekistonda birinchi xalqaro aviatsiya forumi o‘tkaziladi

  • 15:47 / 12.02.2020
  • 351

Joriy yilning 19-20-fevral kunlari Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar maydonida “Uzbekistan Airports, Aviation&Logistics Forum” (UAALF-2020) birinchi xalqaro aviatsiya forumi o‘tkaziladi. 

Bu haqda bugun, 12-fevral kuni Toshkent shahri Hilton mehmonxonasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. Anjumanda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, Transport vaziri Elyor Gʻaniyev, “Uzbekistan Airports” AJ raisi Ravshan Ismoilovlar ishtirok etdi.  

Tadbir tashkilotchilarining so‘zlariga ko‘ra, birinchi xalqaro aviaforumni o‘tkazish orqali O‘zbekistonga yetakchi xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilishga ko‘maklashish, respublika aviatsiya transporti sohasida o‘tkazilayotgan islohotlar to‘g‘risida jahon hamjamiyatini xabardor qilish, O‘zbekiston aviatsiya sohasi hamda aeroportlarining investitsion va iqtisodiy imkoniyatlarini namoyish etish yo‘lida xizmat qiladi, shuningdek xalqaro tashkilotlar va ekspertlar bilan hamkorlik qilish imkonini beradi.

Mazkur xalqaro forumda Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Hindiston, Braziliya, Turkiya, Quvayt, Misr, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi ko‘plab davlatlardan 60 dan ziyod eksponent, 300 delegat va 1200 mutaxassislari ishtirok etadi. Ilk xalqaro forumda xorijiy davlatlarning transport vazirliklari rahbarlari, fuqaro aviatsiyasi va aeroportlar boshqaruvi vakillari, yetakchi xalqaro va xorijiy aviakompaniyalar, aeroportlar, aviatsiya va transport sohasidagi kompaniyalarning yuqori lavozimli rasmiylari ishtirok etadi. Ikki kunlik tadbirga dunyoning 130 ga yaqin xalqaro tashkiloti jalb qilinadi, deyildi matbuot anjumanida.

O‘zbekistonda ilk bora tashkil etilayotgan ushbu forum haqida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov quyidagilarni ta’kidladi:

– Ushbu tadbir eksponentlar va mehmonlarga qarorlar qabul qiluvchi mansabdor shaxslar bilan aloqalarni rivojlantirish uchun qudratli platforma sifatida xizmat qiladi va shu tariqa noyob imkoniyatlar beradi.  Birinchi xalqaro aviaforum doirasida ko‘plab yuqori darajali uchrashuvlar, konferensiyalar, ko‘rgazma hamda qiziqarli taqdimotlar o‘tkaziladi. Birinchi xalqaro aviaforum dunyoning yetakchi aviakompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.

Ma’lumot uchun: Xalqaro aviaforum tashkilotchilari sifatida Birlashgan Arab Amirliklaridan jalb etilgan “Fair Exhibition Organizers” kompaniyasi ham bor. “Fair Exhibition Organizers” (FEO) Al Zarouni kompaniyalarining bir qismi bo‘lib, unga 1999-yilda asos solingan. Hozirgi kungacha 150 dan ortiq xalqaro ko‘rgazmani tashkil etgan. Dunyo bo‘yicha o‘zining 15dan ortiq ofisiga ega.