O‘zbekistonda bolalar bog‘chalari tarmog‘ini kengaytirish uchun 1 trln. 300 mlrd. so‘m ajratiladi

  • 12:05 / 10.06.2021
  • 63

O‘zbekistonda qamrov darajasi past bo‘lgan tumanlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish uchun 2021-yilda 900 milliard so‘mgacha, 2022-yilda esa 400 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.
Bu borada Prezidentning “Qamrov darajasi past bo‘lgan tumanlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida aytib o‘tildi.

Qarorga binoan, 2021–2022-yillarda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi past bo‘lgan 53 ta tumanda 2 mingta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yo‘lga qo‘yiladi va buning hisobidan 50 mingta tarbiyalanuvchilar uchun yangi o‘rinlar yaratiladi. Umumiy quvvati 11,2 ming o‘rindan yuqori bo‘lgan 100 ta davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat boshlaydi. 

Shuningdek, quvvati 7,5 ming o‘ringa teng bo‘lgan 50 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qurish, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish hisobiga ularning sonini 20 mingtaga yetkazish va 7 yarim mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Shu bilan birga, 2021-yil 1-iyuldan boshlab DXSh asosidagi bog‘chalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning moliyaviy holatini yaxshilash hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida qamrov darajasi past bo‘lgan 53 ta tumanda 100 ta shunday shakldagi bog‘chalarni tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi. 

Olis va chekka hududlarda joylashgan DXSh asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining bir nafar tarbiyalanuvchisi uchun sarflanadigan xarajatlar summasining 75 foizi miqdorida subsidiyalar to‘lanadi. Qolaversa, “Yoshlar daftari”, “Temir daftar” yoki “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalar farzandlarini o‘qitish uchun mazkur daftarlar jamg‘armalari hisobidan davlat bog‘chalarining bir nafar tarbiyalanuvchisi uchun sarflanadigan xarajatlar summasining 25 foizi miqdorida subsidiya to‘lanadi. 

Shuningdek, bunday maktabgacha ta’lim tashkilotlariga foydalangan elektr energiyasi va tabiiy gaz xizmatlari uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 50 foiz miqdorida oylik kompensatsiyalar to‘lanishi belgilandi. 
  
Qayd etilishicha, qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun 2021-yilda 900 milliard so‘mgacha, 2022-yilda 400 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Natijada bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi past bo‘lgan 53 ta tumanda 50 ta davlat va 2 100 ta nodavlat bog‘chalarini tashkil etish hisobiga 68,7 ming qo‘shimcha quvvat va 7 500 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi, maktabgacha ta’lim qamrovi hozirgi o‘rtacha 44,2 foizdan 52,3 foizga yetkaziladi. 

Shuningdek, respublika bo‘yicha bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi qo‘shimcha 2,5 foizga oshirilib, joriy yil oxirigacha 67,5 foizga yetkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, joriy yil 1-iyuldan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga mavjud quvvatiga qarab 50 nafargacha bolalarni tarbiyalashga va tarbiyalanuvchilar sonidan kelib chiqib, 4 nafargacha tarbiyachi va yordamchilarni yollashga ruxsat berilgani haqida xabar berilgan edi.