O‘zbekistonda dastlabki Angliya futbol akademiyasi ochildi

  • 16:15 / 05.06.2021
  • 127

Bugun Toshkent davlat transport universitetida Angliyaning “Brooke House College football Academy” akademiyasining Toshkentdagi filiali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda “Brooke House College footboll Academy” futbol akademiyasining texnik direktori, taniqli ingliz futbolchisi Miki Adams (Maykl Richard Adams), akademiyaning Toshkentdagi ijrochi direktori Shuxrat Ernazarov, o‘zbek futboli afsonasi Birodar Abduraimov hamda universitet rektori Odil Abduraxmanovlar ishtirok etishdi. 

Tadbirda dastlab, universitet rektori Odiljon Abdurahmonov so‘zga chiqib, ushbu akademiyaning ochilishi O‘zbekistonda yoshlar orasida futbolni ommalashtirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish yo‘lida oldinga tashlangan qadam ekanligi va bu ko‘plab yoshlarga yuqori imkoniyatlar eshigini ochib berishini ta’kidladi.

O‘z navbatida “Brooke House College football Academy” akademiyasining texnik direktori, “Lester”, “Fulxem”, ”Sheffild Yunayted” kabi jamoalarning sobiq bosh murabbiyi Miki Adams ham o‘z  taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

–Toshkentda “Brooke House College football Academy” akademiyasini ochishdan mamnunmiz. Men bu loyihani amalga oshishida katta yordam berayotgan hamkorlarimiz Shuhrat Ernazarov, universitet rektori Odil Abdurahmonov va Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Rustam Mirsaidovga minnatdorchilik bildirib qolaman. 

Biz bu akademiya ochilishi va endi uning faoliyat yuritishida o‘z hissasini qo‘shgan universiteti jamoasi va hamkorlarimiz bilan birgalikda bolalarning  professional klubda to‘p tepishga munosib futbolchi sifatida yetishib chiqishlari uchun ko‘p imkoniyatlar yaratmoqchimiz. 

Mazkur loyihamiz markaziy Osiyoda ilk bor O‘zbekistonda amalga oshirilmoqda. Umid qilamanki, akademiyamiz mamlakatda futbolni rivojlantirishda yordam beradi”,- deydi Miki Adams.

Qayd etish joiz, ushbu akademiya 11 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qabul qilib, ularning ham jismoniy tayyorgaligi ham umumiy rivojlanishi uchun bilan  munosib va qulay  mashg‘ulotlar olib boradi.

Ma’lum bo‘lishicha, klubda nafaqat bolalar, balki mahalliy murabbiylar ham tayyorlanadi. Shu munosabat bilan xorijlik murabbbiylar O‘zbekistonlik murabbiylar bilan ishlash uchun, ularning malakasini oshirish uchun vaqti-vaqti bilan Toshkentga tashrif buyurishadi.

Shu o‘rinda, o‘zbek futboli faxriysi, “Paxtakor” jamoasi sobiq futbolchisi Birodar Abduraimov ham ushbu akademiyaning ochlishiga iliq fikrlar bildirib, o‘zbek futboli tarixida birinchi marotaba Angliya futbol akademiyasining ochilishi bilan barchani qutlagan holda, akademiyaning kelgusidagi faoliyatiga omadlar tiladi.

Tadbir so‘nggida, mehmonlarga turli esdalik sovg‘alari hamda Miki Adams imzosi tushirilgan to‘plar taqdim etildi.