O‘zbekistonda dori vositalarining reklamasi uchun qanday talablar qo‘yilgan?

  • 11:47 / 25.02.2020
  • 553

Oʻzbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining “Reklamani joylashtirish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan:

Faqat retseptsiz beriladigan dori vositalarini reklama qilishga ruxsat etiladi.

Yuqoridagi nizomning 18-bandiga binoan retseptsiz beriladigan dori vositalarining reklamasiga quyidagi talabalar qo‘yilgan:

a)   tushunarli tilda bayon qilinishi va quyidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishi lozim: 
dori vositasining to‘liq nomi, ishlab chiqaruvchining nomi, qo‘llash uchun asosiy ko‘rsatmalar;

b)   ularni qo‘llash va ishlatishga taqiqning mavjudligi, qo‘llashga doir yo‘riqnoma bilan tanishish yoki mutaxassislarning maslahatini olish zarurligi to‘g‘risida ogohlantirish bilan olib borilishi kerak. 

Dori vositalari reklamasining kamida 10 foizi hamda televideniyeda reklama roligi boshlanishi yoki oxirida efir vaqtining kamida 5 sekundi ushbu ogohlantirishga ajratilishi kerak. Shuningdek, radioda dori-darmon vositasi reklamasining boshlanishi yoki oxirida ovozli formatda xabar berilishi lozim, deb eslatib o‘tmoqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining matbuot xizmati.