O‘zbekistonda Funksional ko‘pkurash federatsiyasi tashkil etildi

  • 09:48 / 24.09.2021
  • 84

Adliya vazirligi O‘zbekiston Funksional ko‘pkurash federatsiyasini jamoatchilik tashkiloti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston Milliy gvardiyasida Funksional ko‘pkurash federatsiyasi raisi, Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari Ma’murjon Gʻaniyev boshchiligida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. 

Yig‘ilishda insondan katta kuch, iroda va chidamlilikni talab etadigan ushbu sport turini yanada rivojlantirish hamda yoshlarni Funksional ko‘pkurash sportiga qiziqtirish borasida qator chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Mazkur yo‘nalishda mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tegishli tadbirlarni tashkil etish borasida “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi.

Shuningdek, yig‘ilishda Federatsiya faoliyatini tashkil etish bo‘yicha asosiy hujjatlar (Nizom va majlis qarori) ishlab chiqilgani, federatsiya rahbariyatining tarkibi tasdiqlanib, ularning vazifalari belgilani ta’kidalb o‘tildi.

Milliy gvardiya Qo‘mondoni o‘rinbosari M.Gʻaniyev federatsiya prezidenti, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari B.Abdullayev hamda Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi L.Rahmatullayeva esa vitse-prezidentlari etib tayinlandi.

Ma’lumot uchun, Funksional ko‘pkurash – bu ko‘p bo‘g‘imli harakatlardan foydalanadigan sport turi bo‘lib, u erkin og‘irlikdagi mashqlar, shaxsiy tana og‘irligi bilan mashqlar, siklik (kardio) mashqlardan foydalangan holda maxsus tuzilgan komplekslar to‘plamlarini birlashtirib, bir vaqt davomida uzluksiz bajarishlarni o‘z ichiga oladi.