O‘zbekistonda haydovchilar uchun jarimalar ularning daromadiga qanchalik mos keladi? 

  • 17:36 / 05.07.2021
  • 142

Jarima miqdorlari aholining real daromadlaridan kelib chiqib belgilanganligi masalalasi dolzarb ahamiyat kasb etadi. 

Xo‘sh, O‘zbekiston aholisining amaldagi o‘rtacha oylik ish haqi qancha?

Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, 2020-yil uchun o‘rtacha oylik ish haqi 2 mln 667ming so‘mni tashkil etgan. Xalqaro valyuta fondining 2020-yil uchun ma’lumotnomasida esa O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining aholi jon boshiga hisobi 7 449 dollarni tashkil etadi.

Ayni paytda O‘zbekistonda belgilangan harakat tezligini oshirib yuborganlik uchun bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning bir baravari eng yengil jazo sanksiyasi sifatida o‘rtacha oylik ish haqining deyarli 10 foizini tashkil etadigan bo‘lsa, BHMning yigirma besh baravari eng og‘ir jazo sanksiyasi sifatida o‘rtacha oylik ish haqining deyarli 3 barobarini tashkil etmoqda. 

“Bugungi zamonaviy dunyo, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun o‘rtacha oylik ish haqining hattoki yarmidan ko‘proq miqdorida jarima belgilanishini normal holat sifatida hisoblamaydi”, – deydi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti xodimi.

Xorijiy davlatlarning qonunchiligida yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jazo choralari qancha miqdorda belgilangan?

Xorijiy davlatlarda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun belgilangan jazo sanksiyalarining miqdori va ularning aholining o‘rtacha oylik ish haqi nisbati alohida e’tibor talab etadi. Ayrim davlatlarning Yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra avtomobil yo‘llarida transport vositasining tezligiga nisbatan turlicha cheklovlar va ularga nisbatan jazo sanksiyalari qo‘llanilgan.

Fransiyada eng yengil jazo sanksiyasi sifatida belgilangan tezlikni 20 km soatgacha oshirganlik uchun 68 yevro miqdorida jarima, eng og‘ir jazo sanksiyasi sifatida belgilangan tezlikni 50 km soatdan oshirganlik uchun 1,500 yevro miqdorida jarima belgilangan. Fransiya Statistika va iqtisodiy tadqiqotlar milliy institutining ma’lumotga ko‘ra 2020-yil uchun o‘rtacha oylik ish haqi 3 085 yevroni tashkil etgan, bunda 68 yevro o‘rtacha oylik ish haqining 2,2 foizini, 1,500 yevro esa o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizini tashkil etadi.

Polshada eng yengil jazo sanksiyasi sifatida tezlikni 10 km soatdan oshirganlik uchun 50 zlotagacha jarima, eng og‘ir jazo sanksiyasi sifatida tezlikni 50 km soatdan oshirganlik uchun 400 dan 500 zlotagacha jarima belglangan. Polsha Statistika bosh boshqarmasining 2020-yil uchun ma’lumotlariga ko‘ra mamlakatda o‘rtacha oylik ish haqi 5411 ming zlotani tashkil etadi. Bunda, 50 zlota o‘rtacha oylik ish haqining 1 foizini, 500 zlota esa o‘rtacha oylik ish haqining 10 foizini tashkil etadi.

Finlyandiyada eng yengil jazo sanksiyasi sifatida tezlikni 10 km soatdan oshirganlik uchun – 170 yevro (aholi yashash punktida), 140 yevro (aholi yashash punktidan tashqari joyda) jarima, eng og‘ir jazo sanksiyasi sifatida tezlikni 48 km soatdan 50 km soatgacha oshirganlik uchun – belgilangan kunlik tarifning 28 barobari (aholi yashash punktidan tashqari joyda) jarima belgilangan. Finlyandiya Statistika boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra 2020-yilda mamlakatdagi o‘rtacha oylik ish haqi 3 313 yevroni tashkil etadi. Bunda, 170 yevro o‘rtacha oylik ish haqining 5,1 foizini tashkil etadi.

Ozarbayjonda eng yengil jazo sanksiyasi sifatida tezlikni 10 km soatdan 20 km soatgacha oshirganlik uchun – 10 manatgacha jarima; eng og‘ir jazo sanksiyasi sifatida tezlikni 61 km soat va undan yuqorigacha oshirganlik uchun – 250 manatgacha jarima belgilangan. Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra 2021-yilning 1-mart holatiga o‘rtacha oylik ish haqi 692,3 manatni tashkil etadi. Bunda, 10 manant o‘rtacha oylik ish haqining 1,5 foizini, 250 manat esa o‘rtacha oylik ish haqining 36 foizini tashkil etadi.

Germaniyada eng yengil jazo sanksiyasi sifatida tezlikni 10 km soatdan oshirganlik uchun – 30 yevro jarima; eng og‘ir jazo sanksiyasi sifatida tezlikni 70 km soat va undan yuqorigacha oshirganlik uchun – 680 yevrogacha jarima belgilangan. Federal statistika boshqarmasining ma’lumotiga ko‘ra 2021-yilda o‘rtacha oylik ish haqi 4 035 yevroni tashkil etadi. Bunda, 30 yevro o‘rtacha oylik ish haqining 0,1 foizini, 680 yevro esa o‘rtacha oylik ish haqining 16,8 foizini tashkil etadi.

Yuqoridagi statistik ma’lumotlarni ko‘rishimiz mumkinki, tezlikni meyyoridan oshirganlik uchun o‘rtacha oylik ish haqqiga nisbatan eng yengil jazo chorasi 5,1 foizdan, eng og‘ir jazo chorasi esa 36 foizdan oshmayapti. 

O‘zbekistonda esa mazkur holat o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan eng yengil jazo chorasi 10 foizni, eng og‘ir jazo chorasi esa o‘rtacha oylik ish haqining deyarli 3 barobarini tashkil etyapti, ya’ni eng og‘ir jazo chorasi qo‘llanilgan taqdirda aksariyat fuqarolar 3 oylik daromadlarini jarima uchun to‘lashiga to‘g‘ri kelyapti.

Ma’lumot uchun, bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning bir baravari 2021-yil iyun oyi holatiga ko‘ra 245 ming so‘mni tashkil etmoqda.